Aniq vazifalar ishsizlikka yechimdir
Inson qadri ulug‘, huquqlari qadr topgan, dunyoga ochiq mamlakatga aylanayotgan Yangi O‘zbekistondagi barcha islohotlarning zamirida xalqimizni mehnat bilan band qilish, ish joylarini ko‘paytirish, tadbirkorlik yo‘lidagi har qanday to‘siqlarni olib tashlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash kabi muhim masalalar yotibdi.
Davlatimiz rahbarining Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ham aynan shu masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif chog‘ida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida dastlab Sirdaryo tumanining "Taraqqiyot" mahallasi tanlab olinib, ishchi guruh tomonidan hudud to‘liq o‘rganildi va aholining ishsiz qatlami bandligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Tumanning chekka hududi bo‘lgan ushbu mahallada 2 ming 800 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Aholining mehnatga layoqatli qismi 1 874 nafarni tashkil etsa, shundan 1 442 nafari iqtisodiy faol. Ishsizlar esa 315 nafar, shundan 72 nafari mehnat bozoriga yangi kirib kelayotgan yoshlardir.

Viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev, sektor rahbarlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari va klasterlar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan amaliy seminarda asosiy e’tibor aholining mehnat qilishi, hunar o‘rganishi va daromad olishi uchun zarur shart-sharoit yaratib berishga qaratildi.
Sirdaryo tumani hokimi Botir Mirzaqulov taqdimot o‘tkazib, bu borada ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi bilan tanishtirdi.
Seminarda ishsiz aholi qatlamini “xonadonbay” o‘rganish, aholi xohishi va ehtiyojlariga qarab istiqomat qilayotgan hududga yaqinroq joydan yer ajratib berish, xotin-qizlar uchun kichik tikuvchilik sexlarini tashkil qilish, asosiysi, ish joyi tashkil qilishda har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlariga e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlanib, takliflar o‘rtaga tashlandi.
Taqdimotlar, bildirilgan taklif va mulohazalardan kelib chiqib, yakunda aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Sh.Suyarov, O‘zA