Angrenda sport marafoni boʻlib oʻtdi
Toshkent viloyati Angren shahrida “Sogʻlom tanda – sogʻlom aql” mavzuida sport marafoni boʻlib oʻtdi.
Shahar xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan mahallalar kengashi, manaviyat va madaniyat boʻlimi, Yoshlar ittifoqi shahar kengashi, sport boʻlimi hamkorligida tashkil etilgan sport bayrami dam olish kuni boʻlishiga qaramasdan erta tongdan xotin-qizlar bilan gavjum boʻldi.
Dastlab, 200 nafardan ziyod onaxonlar, davlat va jamoat tashkilotlari, mahallalar xotin-qizlari shaharning “Istiqlol” maydonida ertalabki badantarbiya mashqlarini bajardi.
Shunday soʻng sportsevar ishtirokchilar oʻrtasida ularning yoshidan kelib chiqib, yurish va yugurish musobaqasi oʻtkazildi. Salomatlik uchun koni foyda boʻlgan sport mashqlari barcha yoshdagi ishtirokchilarga tetiklik, yaxshi kayfiyat bagʻishladi.
Faol ishtirokchilar tashkilotlar tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.