Andijonlik chempionlar sharaflandi
Andijon shahridagi “Navruz Mall” ko‘ngilochar savdo majmuasida boks bo‘yicha jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Hasanboy Do‘smatov hamda og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionligiga erishgan Ruslan Nuruddinovni taqdirlashga bag‘ishlangan shou-tadbir bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimiz Toshkentda qariyb ikki hafta davom etgan boks bo‘yicha jahon chempionatida mamlakatimiz bokschilari muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Mazkur chempionatda terma jamoamiz bokschilari 5 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida dunyoda tengsiz ekanligini namoyish etdi.
Terma jamoamiz a’zosi Hasanboy Do‘stmatov final o‘yinida 51 kilogramm vazn toifasida fransiyalik Billal Bennamaga qarshi ringga ko‘tarildi. Bellashuvning ilk raundida bokschimiz raqibini nokautga uchratib, jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, Hasanboy Do‘smatovning 2023 yilda o‘tkazilgan jahon chempionatining “Eng yaxshi bokschisi”, deb e’tirof etilganligi barcha yurtdoshlarimizni quvontiradi.
[gallery-11897]
Yurtimizning yana bir nomdor sportchilaridan bo‘lgan Ruslan Nuruddinov og‘ir atletika bo‘yicha Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 109 kilogramm vazn toifasida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Ruslan Nuruddinov dast ko‘tarish musobaqasida 177 kilogramm, siltab ko‘tarishda 228 kilogramm og‘irlikdagi toshni ko‘tarib, oltin medal va Osiyo chempionligiga sazovor bo‘ldi. Og‘ir atletikachimiz ikki kurash natijasiga ko‘ra, 405 kilogramm bilan eng yaqin ta’qibchisini 6 kilogrammga ortda qoldirdi, o‘z vazn toifasida Osiyoda tengsiz ekanini yana bir karra namoyish etdi.
Keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etgan taqdirlash tadbirida so‘z olgan viloyat hokimligi kotibiyati mudiri Elyorbek Xolmirzayev va boshqalar chempionlarni erishgan yutuqlari bilan muborakbod etdi. Chempionlarga viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi. Boks bo‘yicha jahon chempioni Hasanboy Do‘smatov hamda og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempioni Ruslan Nuruddinov e’tibor, e’tirof uchun Prezidentimizga, viloyat hokimligiga, barcha muxlislarga minnatdorlik bildirdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),