Andijonda Xitoy tili va madaniyati markazi
Andijon davlat pedagogika institutida "Silk road" xitoy tili va madaniyati markazi tashkil etildi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda yoshlarga xorijiy tillarni o‘rgatishni rivojlantirish, ommalashtirish va mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Buning uchun zarur shart-sharoit yaratilmoqda.
Jumladan, Andijon davlat pedagogika institutida ham so‘nggi uch yil davomida xorijiy tillarni o‘rgatish, xorijiy mamlakatlar adabiyoti va madaniyatini tadqiq etishga ixtisoslashgan qator markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni paytda ushbu markazlarda iqtidorli yoshlar tadqiqotlar olib bormoqda.
Andijon davlat pedagogika instituti, Xitoyning Bashu maktabi, «Silk road education» xalqaro tashkiloti, Ipak yo‘li innovatsiya va taraqqiyot instituti hamkorlikda ish boshlagan "Silk road" xitoy tili va madaniyati markazi yoshlarga yana bir imkoniyat eshigini ochib beradi.
Ilmiy va keng jamoatchilik vakillari, institut professor-o‘qituvchilari, talabalar ishtirokida markaz ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan Andijon davlat pedagogika instituti rektori Baxtiyor Rasulov, Xitoyning «Silk road education» xalqaro tashkiloti rahbari Zang Hongyang, Ipak yo‘li innovatsiya va taraqqiyot instituti dekani Odiljon To‘laganov, Xitoyning Bashu maktabi xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Vu Tong va boshqalar Markazning maqsad va vazifalari, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida gapirdi.
Shundan so‘ng hamkorlar vakillari ishtirokida muloqot o‘tkazildi. Muloqotda ta’lim, til o‘rganish, madaniyat yo‘nalishlarida O‘zbekiston – Xitoy hamkorligini rivojlantirish, birgalikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi, hamkorlik bo‘yicha o‘zaro manfaatli shartnoma imzolandi.
[gallery-18804]
Markazdan Xitoy madaniyatiga oid qo‘lyozmalar, adabiyotlar, maxsus jihozlar joy oladi. Shuningdek, tajribali xitoylik o‘qituvchilar tomonidan xitoy tili o‘rgatiladi. Markazni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga xaqaro darajadagi sertifikat taqdim etiladi.
Markaz qoshidagi til o‘rgatish kurslari joriy yilning sentyabr oyidan boshlanishi belgilab olindi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari