Andijonda pedagoglar malaka test sinovidan o‘tmoqda
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Andijon viloyatidagi umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkiloti, professional ta’lim tizimi hamda akademik litsey pedagoglari uchun o‘quv fanlari bo‘yicha malaka (test) sinovlari o‘tkazilmoqda.
Andijon mashinasozlik instituti sport zalida bo‘lib o‘tayotgan malaka test sinovlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
– Ayni kunda ikkinchi bosqich malaka test sinovlari o‘tkazilmoqda, – deydi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Andijon viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i Arofatxon Ismonova.
– Birinchi bosqichda maktabgacha, professional hamda madaniyat tizimi, shuningdek, akademik litseylarda faoliyat yuritayotgan 171 nafar pedagog malaka test sinovidan o‘tgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda umumta’lim maktablari pedagoglari aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazmoqda.
Viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan malaka toifasiga talabgor 4 ming 900 nafarga yaqin pedagoglar attestatsiyada ishtirok uchun ariza bergan.
Malaka (test) sinovlari o‘tkazilayotgan bino zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan ta’minlangan, umuman, sinovni o‘tkazish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan, jarayonni adolatli va shaffof o‘tishini nazorat qilish uchun oliy ta’lim va boshqa tizimlardan malakali mutaxassislar jalb etilgan.
Mamlakatimizda ta’lim muassasalari pedagoglarining malaka toifalari olish uchun sinovlar yildan-yilga takomillashtirilib, soddalashtirib borilmoqda. Avvallari malaka toifasi olish jarayoni bir necha bosqichdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, endilikda bu jarayon bir marta test sinovi topshirish orqali amalga oshirilmoqda.
Yana bir e’tiborli jihati shundaki, o‘z kasbini mukammal egallagan, malakali va bilimdon pedagoglar uchun agar xohlasa, besh yilda bir marta majburiy o‘tkaziladigan malaka sinovini kutib o‘tirmasdan navbatdan tashqari malaka sinovlarida ishtirok etib, yanada yuqori malaka toifasini olish imkoni yaratilgan.
– Bugun malaka (test) sinovida qatnashib, savollarga imkon qadar to‘g‘ri javob berishga harakat qildim, – deydi Andijon tumanidagi 10-davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati matematika fani o‘qituvchisi Muhammaddiyor Qutbiddinov.
– Yakunda 95 ball jamg‘ardim. Test savollari asosan, fanimizga oid bo‘lganligi uchun u qadar qiyinchilik bo‘lmadi. Eng asosiysi, natijani sinov yakunlangan zahoti bilib olayotganimiz juda ma’qul bo‘lmoqda.
Test sinovlarining xavfsiz o‘tishini ta’minlash va ishtirokchilar salomatligini nazorat qilish uchun ichki ishlar xodimlari, shifokorlar jalb etilgan.
Malaka test sinovlari davom etmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA