Andijonda bolalar bayrami keng nishonlandi
FOTOREPORTAJ
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilganining 3 yilligi munosabati bilan Andijon shahridagi “Eco Park” istirohat bog‘ida bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda ijtimoiy himoya sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlar va ularning farzandlari ishtirok etdi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi muassasa va tashkilotlar tomonidan tayyorlangan ijodiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari hamda ko‘ngilochar dasturlar namoyish etildi.
[gallery-29731]
Shuningdek, bolalar uchun sport musobaqalari, interaktiv o‘yinlar va turli tanlovlar tashkil qilinib, ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashildi. Tadbir davomida yosh avlodning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning iqtidor va qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar ham taqdim etildi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh. Abdurahmonov ishtirok etib, yig‘ilganlarni bayram bilan qutladi.
Tadbir yakunida faol ishtirokchilar va musobaqalar g‘oliblari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur bayram bolajonlarga quvonchli lahzalar ulashib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, munosib turmush sharoitlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ifodasi bo‘ldi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA