Andijonda bayramoldi yarmarkalari ish boshladi
Andijonda Yangi yil bayrami oldidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalari ish boshladi.
Andijonda Yangi yil bayrami oldidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalari ish boshladi.Aholining bayram dasturxoni to‘kin bo‘lishini ta’minlash maqsadida Andijon shahridagi ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan 15 hudud hamda barcha tuman va shaharlar markazlarida Yangi yil bayrami archalari o‘rnatilib, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalari tashkil etilmoqda.
Yarmarkalarda viloyatdagi qayta ishlash korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, chorvachilik, parrandachilik hamda baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etayotir. Dehqonu bog‘bonlar tomonidan yetishtirilgan sifatli meva-sabzavot, poliz mahsulotlari va go‘sht, tuxum, sut, baliq kabi 50 dan ortiq turdagi oziq-ovqat va qandolatchilik mahsulotlari arzon narxlarda xaridorlarga taqdim etilmoqda.
– Bayram yarmarkalari xalqimiz uchun katta qulaylik yaratmoqda, – deydi Andijon shahrida yashovchi mehnat faxriysi S.O‘lmasova. – Ayniqsa, go‘sht, tuxum va asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining bozorga nisbatan arzon narxlarda, plastik kartochkalar orqali sotilayotganidan xursandmiz. Bunday yarmarkalar aholiga qulaylik yaratish bilan birga, oilalarga bayramona kayfiyat ulashmoqda.