Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti: Anqarada unutilmas taqdimot
Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Doimiy kengashining 42-yig‘ilishi qaroriga ko‘ra “Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilingan. Turkiyaning Anqara shahrida joylashgan TURKSOY bosh qarorgohida bu boradagi tadbirlarning dastlabkisi –Andijon taqdimotiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.
TURKSOY Bosh kotibiyati, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, O‘zbekistonning Turkiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ilhom Haydarov, Andijon viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Elyor Xolmirzayev, shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari, parlament va diplomatik korpus vakillari qatnashdi.

Marosim avvalida Andijonga bag‘ishlangan videorolik namoyish qilindi. Unda viloyatning tarixiy ahamiyati, milliy madaniyatimiz rivojidagi va turkiy dunyodagi o‘rni, so‘nggi yillarda hududda ro‘y berayotgan ulkan ijobiy o‘zgarishlar haqida hikoya qilingan. Joriy yilda Andijonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan tadbirlar haqidagi videorolik ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shundan so‘ng “Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” logotipining taqdimoti o‘tkazilib, rasmiy doira vakillariga so‘z berildi.

TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev o‘z so‘zida quyidagilarni bildirdi:
“Bugun biz bu yerga shunchaki bir marosim munosabati bilan emas, balki go‘zal va betakror Andijon shahri “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilingan 2026-yilda amalga oshiradigan tadbirlarimiz mash’alasini birgalikda yoqish uchun to‘plandik.
Shuni alohida e’tirof etishni istardimki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida tarixiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida barcha hududlar jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Xususan, Andijonda sanoat, tadbirkorlik va qishloq xo‘jaligi kabi ko‘plab sohalar qatorida madaniyat va san’at sohasida ham ulkan ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
Andijon nafaqat O‘zbekistonning, balki Markaziy Osiyo mintaqasining zamonaviy, yirik shaharlaridan biridir. Bu zamindan ko‘plab olimlar, mashhur shoir va adiblar, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va san’at namoyandalari yetishib chiqqan. Shuning uchun ham shaharga “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” maqomi berilgani juda to‘g‘ri qaror bo‘ldi va biz bundan behad mamnunmiz”.
Sulton Rayev o‘z fikrini davom ettirar ekan, 2026-yil davomida Andijon turkiy dunyoning “yuragi urib turadigan” joy bo‘lishiga alohida urg‘u berdi. Bu jarayonda tashkil etiladigan tadbirlar qardosh xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ifoda etib, Anqaradagi tantanali marosimga kelgan o‘zbekistonlik madaniyat va san’at xodimlarini, ular timsolida O‘zbekistondagi barcha soha xodimlarini 15-aprel kasb bayramlari bilan samimiy tabrikladi.
O‘zbekistonning Turkiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ilhom Haydarov Andijonning 2026-yilda “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun turkiy dunyo uchun sharaf va quvonch manbai ekanini ta’kidlab, joriy yilda bo‘ladigan tadbirlarda barchani faol ishtirok etishga chorladi.

Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy o‘z chiqishida quyidagilarni ifodaladi:
“TURKSOY – ming yillik tariximizning beqiyos bilim va tajribasini, undan oziqlanib shakllangan, rivojlanib boyigan madaniyatimizni asrab-avaylash, dunyodagi nufuzini oshirish yo‘lida, mana, 33 yildirki, sa’y-harakatlarni davom ettirib kelmoqda. “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” loyihasiga ham aynan shu nuqtai nazardan qarash, uning qadr-qimmati va ahamiyatini shu tariqa anglash muhimdir. Zero, ushbu dastur 14 yildan buyon turkiy olamning madaniy merosini targ‘ib qilish, shaharlar o‘rtasidagi madaniy va badiiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida izchillik bilan yuritib kelinmoqda. Tashlangan bu qadamlar orqali mushtarak qadriyatlarimizning xalqaro maydondagi nufuzi yanada ortmoqda. Shu jihatdan olib qaraganda, mazkur loyiha madaniy diplomatiya sohasida ham strategik ahamiyatga ega vazifani bajarmoqda.
Ostonadan boshlangan ushbu silsila turkiy dunyoning 13 shahrida madaniyat ko‘priklari qurilishiga, qadriyatlarimizning targ‘ib etilishi va anglashilishiga xizmat qildi. Endilikda bu sharafli bayroq Andijonga topshirildi.
Andijon – ilm-fan, san’at va davlatchilik an’analari asrlar davomida shakllangan betakror diyordir. Bu qadimiy shahar buyuk davlat arbobi va mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan zamin sifatida turkiy dunyo va jahon tarixiga o‘z nomini o‘chmas izlar bilan muhrlagan.
Bugungi kunda Andijonda olib borilayotgan ezgu ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi bo‘lib, tarixiy meros va zamonaviy taraqqiyotning o‘zaro uyg‘unlashayotganidan dalolat beradi. Bunday yondashuv turkiy dunyoning mushtarak kelajagi yo‘lida ham muhim istiqbollarni taqdim etadi.
2026-yilda Andijonda o‘tkaziladigan barcha tadbirlar xayrli bo‘lishini, o‘z oldiga qo‘ygan olijanob maqsadlariga xizmat qilishini tilayman. Turkiy dunyoning birligi va hamjihatligi yanada mustahkam bo‘lsin!”.

Andijon viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Elyor Xolmirzayev qadimiy sivilizatsiyalar maskani bo‘lgan Andijonning shunday sharafli nomga ega bo‘lganidan barcha andijonliklar g‘urur tuyishini, bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizning barcha hududlari qatori Andijon ham jadal rivojlanib borayotganini qayd etib, “Madaniyat poytaxti” loyihasi doirasidagi tadbirlar orqali viloyatning, butun O‘zbekistonning an’ana va qadriyatlarini dunyo miqyosida keng targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shishlarini bildirdi.
Nutqlardan so‘ng rasmiy doira vakillari o‘rtasida esdalik sovg‘alari almashildi. O‘zbekiston delegatsiyasi milliy urf-odatimizga ko‘ra nufuzli ishtirokchilarga chopon va do‘ppi kiydirib, lutf ko‘rsatdi.
Rasmiy qismdan so‘ngr barcha mehmonlar TURKSOY Bosh kotibiyati binosida tashkil etilgan Andijonning boy madaniy qiyofasini aks ettiruvchi amaliy san’at va fotosuratlar ko‘rgazmasi bilan tanishdilar. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan Andijonga xos kashtachilik, misgarlik, pichoqsozlik mahsulotlari, sopol buyumlar va suratlar barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir TURKSOY Bosh kotibiyati old hovlisida Andijondan kelgan san’atkorlar tomonidan taqdim etilgan konsert dasturiga ulanib ketdi. O‘zbekona qo‘shiqlar, kuy va raqslar ishtirokchilarga hayajonli lahzalarni taqdim etdi.
Xalqimizga xos an’anaga ko‘ra tadbir so‘nggida barcha ishtirokchilarga andijonlik oshpazlar tomonidan tayyorlangan palov tortiq qilindi.
Qisqasini aytganda, TURKSOY Bosh kotibiyatida Andijonga bag‘ishlab tashkil etilgan tadbir barchada unutilmas taassurot qoldirdi. Jarayonlarni Turkiyaning o‘ndan ortiq yetakchi telekanallari va axborot agentliklari keng yoritdi.