Ananas importida qariyb ikki barobar o‘sish qayd etildi
Ananas – tropik mintaqalardan kelib chiqqan, mazali va foydali meva bo‘lib, butun dunyoda keng iste’mol qilinadi. Bu meva C vitamini, antioksidantlar va hazm qilish tizimini yaxshilovchi bromelain fermenti bilan boy. Shu sababli, ananas nafaqat ta’m uchun, balki sog‘liq uchun ham qadrlanadi. U immunitetni mustahkamlash, yallig‘lanishni kamaytirish va terining holatini yaxshilashda yordam beradi. O‘zbekiston kabi o‘rta iqlim sharoitiga ega davlatlarda esa ananasni mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari cheklangani sababli, bu meva asosan import orqali yetkazib beriladi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonga xorijiy mamlakatlardan qiymati 1,6 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 4,6 ming tonna ananas import qilingan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 2,2 ming tonnaga oshgan, ya’ni ananas importi qariyb ikki barobar ko‘paygan.

Eng ko‘p ananas yetkazib bergan davlatlar ro‘yxatida Xitoy yetakchi bo‘lib, jami 4,5 ming tonna ananas import qilingan. Shuningdek, Qozog‘iston – 92 tonna, Niderlandiya – 16 tonna, Meksika – 5 tonna bilan O‘zbekistonga ananas yetkazib berishda faol qatnashmoqda.
Bu import hajmining oshishini iste’molchilarning sog‘lom turmush tarziga qiziqishi, tropik va foydali mevalarga talabning oshgani bilan izohlash mumkin. Qolaversa, savdo aloqalarining rivojlanishi, Xitoy va boshqa davlatlar bilan savdo munosabatlarining mustahkamlanishi import hajmining oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Kelgusida ananas importining oshishi mamlakatda turli tarmoqlar – chakana savdo, oziq-ovqat sanoati, shuningdek sog‘lom ovqatlanishga oid xizmatlar uchun ijobiy o‘zgarishlar keltirishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ichki ishlab chiqarishni rivojlantirish va importga qaramlikni kamaytirish uchun iqlimga mos yangi innovatsion usullarni joriy etish mumkin.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA