Amir Temur tavalludiga bag‘ishlandi
Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasida buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 689 yilligiga bag‘ishlab "Amir Temur davlati va uning dunyo tarixida tutgan o‘rni” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Guliston davlat pedagogika instituti katta o‘qituvchisi Yo‘ldosh Karimov o‘z so‘zida Amir Temurning hayoti va faoliyati, uning davlat boshqaruvi, harbiy san’ati, diplomatiyasi, me’morchiligi, madaniy va ma’naviy merosi, jahon tarixidagi o‘rnini va rolini yoritib, o‘lkalar va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash, turli millatlar bilan diplomatik munosabatlarni o‘rnatishdagi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shu bilan birga, Amir Temur bobomizning jasoratli yurishlari, dono maslahatlari va "Temur tuzuklari" kabi bebaho kitobi bugungi avlod uchun ham ibrat maktabi ekanligi alohida ta’kidlandi.
Tadbirda Amir Temurning hayotiga doir ijodiy-ma’rifiy viktorina ham o‘tkazildi. Viloyat axborot-kutubxona mas’ullari tomonidan tuzilgan viktorina savollari ishtirokchilarga Amir Temurning hayoti va faoliyati, uning davlat qurishdagi prinsiplari haqida yangi ma’lumotlarni olishga imkon berdi. Savollarga to‘g‘ri javob bergan bojxona xodimlari badiiy kitoblar bilan taqdirlandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri