Amir Temur merosi – Uchinchi Renessans sari ishonchli qadam
Samarqandda buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan shu mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Samarqand viloyat hokimligi, xalqaro Amir Temur jamoat fondi viloyat bo‘limi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda Markaziy harbiy okrug ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tarixchi olimlar, taniqli shoir va yozuvchilar, harbiylar ishtirok etib, Sohibqiron Amir Temurning faoliyati, boy ma’naviy merosi, davlatchilik an’analari va ularning bugungi ahamiyati xususida fikr yuritdi.
[gallery-28502]
– “Temur tuzuklari” faqat tarixiy manba emas, balki davlatchilik va jamiyat boshqaruvining mustahkam asoslarini belgilab bergan bebaho asar, – dedi anjumanda so‘zga chiqqan Xalqaro Amir Temur fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali. – Amir Temur adolatni eng oliy mezon sifatida ilgari suradi va rahbar avvalo xalq manfaatini ustuvor qo‘yishi kerakligini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, asarda intizom, mas’uliyat va qat’iyat kabi fazilatlar davlat barqarorligining asosi sifatida ko‘rsatiladi. Bugun ham “Temur tuzuklari” g‘oyat qimmatli manba hisoblanadi. Yangi O‘zbekistonni barpo etish, uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash jarayonida bu asardagi g‘oyalar biz uchun muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Anjuman davomida ma’ruzachilar tomonidan Amir Temur davridagi ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivoji, harbiy jang san’ati va usullari, shuningdek, “Temur tuzuklari” asarining ahamiyati, uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashda Sohibqironning tarixiy merosini chuqur o‘rganish va uni yosh avlod ongiga singdirish muhimligi ta’kidlandi.
Tadbirda xalqaro Amir Temur jamoat fondining Qozog‘istondagi bo‘limi rahbari Ikrom Xoshimjonov Sohibqiron qayerga qadami yetsa, bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgani, jumladan, masjid va maqbaralar, madrasalar qurganini alohida ta’kidladi.
– Amir Temur nafaqat buyuk sarkarda, balki ilm-fan homiysi, madaniyat va san’at jonkuyari sifatida ham tarixda qolgan, – deydi I.Xoshimjonov. – Jumladan, Sohibqiron Qozog‘istonning Sayram viloyatida Ahmad Yassaviyning ota-onasiga atab maqbara qurdirgan, keyinchalik Turkiston shahrida Ahmad Yassaviy qadamjosi hamda O‘tror shahrida Arslonbob maqbara-majmuasi bunyod etgan. Ushbu maskanlar hozirgacha saqlanib qolib, muqaddas ziyoratgoh, sayyohlar eng ko‘p keladigan manzillarga aylangan. Bugungi kunda Qozog‘istonning turli hududlarida Amir Temur nomidagi temiryo‘l stansiyasi, qishloq, ko‘cha, sport muassasalari va umumta’lim maktablari faoliyat yuritmoqda.
Anjuman yakunida Markaziy harbiy okrugning Samarqand garnizoni va xalqaro Amir Temur jamoat fondi viloyat bo‘limiga ilmiy qo‘llanma va badiiy kitoblar jamlanmasi topshirildi.
Samarqand viloyati musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan buyuk Sohibqiron hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari