Amir Temur merosi – milliy davlatchilik va barqaror taraqqiyot asosi
Navoiy davlat universitetida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Xalqaro Amir Temur jamoat fondi hamda Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida “Amir Temur merosi – milliy g‘urur va ma’naviy kuch manbai” mavzusida mintaqaviy ilmiy onlayn konferensiya o‘tkazildi.
Unda respublikamizning yetakchi temurshunos olimlari, tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar va talabalar, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Navoiy akademik litsey o‘quvchilari ishtirok etdi.

Anjuman avvalida universitet rektori, professor Muhiddin Kalonov so‘zga chiqib, Amir Temur shaxsiga bo‘lgan ehtirom hamda uning boy merosini chuqur o‘rganish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Tadbir avvalida ishtirokchilar Navoiy davlat universiteti huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyini tomosha qildi. Shundan so‘ng sport maydonlarida tashkil etilgan musobaqalar va ko‘rgazmalar bilan tanishdi.

Konferensiya doirasida Amir Temurning davlatchilik tarixidagi o‘rni atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, uning yuksak siyosiy tafakkuri, markazlashgan boshqaruv tizimini shakllantirishdagi yondashuvlari, adolat va qonun ustuvorligiga asoslangan boshqaruv tamoyillari, harbiy san’atdagi strategik va taktik mahorati hamda puxta diplomatik siyosati ilmiy jihatdan asoslab berildi.

– Sohibqiron Amir Temur yuksak siyosiy tafakkur, beqiyos harbiy strategiya hamda kuch va adolat uyg‘unligiga asoslangan boshqaruv tamoyillarini amalda namoyon etgan ulug‘ siymodir, – deydi Buxoro davlat universiteti professori Shodmon Hayitov. – U markazlashgan davlat barpo etish, ichki siyosiy barqarorlikni ta’minlash va keng hududlarda samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yishda o‘z davridan ancha ilgarilab ketgan buyuk davlat arbobi sifatida tarix sahnasiga chiqdi. Sohibqiron nafaqat zabardast sarkarda, balki dono siyosatchi va uzoqni ko‘ra bilgan diplomat sifatida ham Sharq va G‘arb o‘rtasida mustahkam aloqalar o‘rnatishga erishdi. Amir Temur tomonidan asos solingan ulkan saltanat o‘z davrida iqtisodiy, siyosiy va madaniy integratsiyaning yuksak namunasi bo‘lib xizmat qildi. Uning tashabbuslari bilan rivojlangan savdo yo‘llari, ilm-fan va madaniyat markazlari Sharq va G‘arb tamaddunlari o‘rtasida yaqinlashuvni ta’minladi. Temuriylar davrida yuzaga kelgan ilmiy va madaniy yuksalish esa tarixda “Ikkinchi Renessans” sifatida e’tirof etilib, jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shildi. Shu bois Amir Temur siymosi milliy davlatchiligimizning mustahkam poydevori, jahon tarixida esa o‘chmas iz qoldirgan buyuk shaxs timsolidir.

Bugungi kunda Amir Temur merosini chuqur o‘rganish, uning davlat boshqaruvi, adolat tamoyillari va strategik tafakkurini ilmiy asosda tahlil etish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur qaror nafaqat buyuk ajdodimiz xotirasini ulug‘lash, balki uning boy merosini tizimli ravishda o‘rganish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va keng jamoatchilikka yetkazishni yangi bosqichga olib chiqdi.

– Mazkur anjuman, eng avvalo, Amir Temur merosini tizimli o‘rganish va uni zamonaviy talqin etishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, yosh avlod qalbida milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Navoiy davlat universiteti tadqiqotchisi Habiba Hasanova. – Amir Temurning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni va ma’naviy merosi ham zamonaviy tarixshunoslik nuqtai nazaridan kompleks o‘rganilmoqda. Bu esa nafaqat tarixiy haqiqatni chuqurroq anglash, balki bugungi boshqaruv tizimi va jamiyat taraqqiyoti uchun muhim xulosalar chiqarishga xizmat qiladi. Xullas, Amir Temur merosi bu faqat tarixiy xotira emas, balki bugungi va ertangi taraqqiyotimiz uchun muhim strategik tafakkur manbaidir. Uning adolat, qat’iyat va puxta rejalashtirishga asoslangan boshqaruv tamoyillari hozirgi davrda ham o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda. Zero, Sohibqiron ta’limoti bizni kuchli davlat, adolatli jamiyat va ma’naviy barkamol avlodni shakllantirish yo‘lida ilhomlantiradi.

Buyuk ajdodlar merosini anglash bu o‘tmishga qaytish emas, balki kelajakni ongli ravishda barpo etishdir. Amir Temur siymosi esa ana shu yo‘lda biz uchun hamisha ibrat, kuch va ilhom manbai bo‘lib qolaveradi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri