Amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi
Buxoro viloyati adliya boshqarmasi, tuman (shahar) adliya bo‘limlariga joriy yil birinchi yarim yilligida 3 ming 859 ta ariza, shikoyat va takliflar kelib tushgan. Murojaatlarning 3 ming 497 tasi hal etilgan. Shundan 2 ming 748 ta murojaat yoki 78 foizi qanoatlantirilgan. Bundan tashqari, 749 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan. 126 ta murojaat tegishliligiga ko‘ra boshqa idora va tashkilotlarga yuborilgan.
Buxoro viloyati adliya boshqarmasida joriy yilda amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida shular haqida so‘z bordi.
Jurnalistlar boshqarma tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqilishi natijasi bo‘yicha mansabdor shaxslarga qanday choralar ko‘rilganligi bilan qiziqdi. O‘tkazilgan o‘rganishlar va murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qonun buzilishlarni bartaraf etish yuzasidan jami 806 ta taqdimnoma, ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan 209 ta taklif va 2029 ta ogohnoma kiritilgan. Kiritilgan taqdimnomalarga asosan intizomiy javobgarlikka tortilgan shaxslar soni 525 tani tashkil qilgan. 209 ta shaxslar esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan. bugungi kunda qoldiqdagi 69 ta taqdimnoma va 34 ta ma’muriy takliflar tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Sudlarga kiritilgan da’vo arizalari ham ommaviy axborot vositalari vakillari qiziqishini uyg‘otdi. Ta’kidlanishicha, viloyat adliya boshqarmasi va tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan 2022 yil birinchi yarim yilligida fuqarolar manfaatini ko‘zlab, ularning buzilgan qonuniy huquq va manfaatlarini tiklash, moddiy va ma’naviy zararlarni undirish to‘g‘risida sudlarga kiritilgan 1 501 ta 24 milliard 458 million 951 ming 44 so‘mlik davo arizalar sudlar tomonidan qanoatlantirilgan.
[gallery-8555]
Anjumanda Buxoro viloyatidagi tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilgan xizmatlar haqida ham ma’lumot berildi. Unga ko‘ra joriy yilning 6 oyi davomida 339 382 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, hisobot davrida viloyat bo‘yicha 8 582 ta YATT, 2 501 ta yuridik shaxslar ro‘yxatdan o‘tgan, 2355 ta tadbirkorlik sub’ektlari qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan va viloyat aholisi tomonidan 45 469 ta masofadan turib (onlayn) davlat xizmatlaridan foydalanilgan.
FHDYO organlari tomonidan 19521 ta tug‘ilish, 6532 ta nikohni qayd etish, 1423 ta nikohdan ajralganlik, 4 655 ta o‘lim qayd etilgan. Shuningdek, hisobot davrida 796 ta otalikni belgilash hamda 140 ta farzandlikka olish amalga oshirilgan. Shuningdek, 107 nafar fuqarolarning familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish xizmatlari amalga oshirilgan.
Boshqarma boshlig‘i Anvar Rahmatov OAV vakillarini soha bo‘yicha qiziqtirgan savollariga javob berar ekan, bu borada amalga oshirilgan ishlar haqida ham ma’lumot berdi. Intellektual mulk huquqlarini himoya qilish sohasiga oid 14 ta murojaatlar kelib tushgan va ularga asosan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 13 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan. Qonun buzilishlarni bartaraf etish yuzasidan jami 2 ta taqdimnoma, ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan 9 ta taklif, 1 ta jinoiy taklif va 85 ta ogohnoma kiritilgan. Kiritilgan taqdimnomalarga asosan 2 ta tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgilari bartaraf etilgan. 9 ta shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
– Matbuot anjumani ochiq va samimiy tarzda o‘tdi, – deydi O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Baxtiyor Asadov. – Anjumandan jurnalistlar tegishli xulosa oldi. Bu tizim huquqni qo‘llash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Yangi qabul qilingan qonun hujjatlarni aynan adliya bo‘limlari bizga sodda va tushunarli qilib yetkazadi. Haqiqatdan ham adliya barcha uchun ochiq tizimga aylangan.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA