Amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug Termiz garnizonidagi harbiy qism madaniyat markazida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Jamaotchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug ma’sul ofitserlari, kengashning viloyatdagi vakillari, harbiy xizmatchilar hamda “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev joriy yil birinchi yarmida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi va uning mintaqaviy bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi vazifalar haqida atroflicha fikr yuritdi.
Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning mudofaa va xavfsizlik masalalaridagi topshiriqlari monitoringini yuritib, yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish, harbiy xizmatchilar uchun tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirishga e’tibor qaratdi. Kengash a’zolari amalga oshirayotgan ishlar tahlil qilinib, xalq va milliy armiya o‘rtasida uzviy bog‘liqlikni, hamfikrlik hamda yakdillikni yanada mustahkamlash yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi. Maktabni a’lo baholarga tugatgan har bir “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar a’zosiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma topshirildi. Mazkur tavsiyanomani qo‘lga kiritgan yoshlar mamlakatimizdagi oliy harbiy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra, to‘plagan balining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklida imtiyozga ega bo‘ladi.
Yig‘ilishda Jamoatchilik kengashi viloyatdagi vakillarining vohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr-mulohazalari tinglandi. Kengash a’zolarining faqat bayramlar munosabati bilan harbiy qism va muassasalarda bo‘lib, tadbirlarda ishtirok etayotgani, nizomda belgilangan vazifalar va yil boshida qabul qilingan chora-tadbirlar bajarilishiga, umuman Jamoatchilik kengashi faoliyatiga barcha a’zolar birdek yondashmayotgani qatiy tanqid qilindi. Kengashning tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlar rejasi belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunida Jamoatchilik kengashi a’zolari va yoshlar harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi hamda harbiy qism muzeyi bilan yaqindan tanishdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA