Alkogol va tamaki bozorini tartibga solishning ustuvor yo‘nalishlari
Alkogol va tamaki bozorini samarali tartibga solishda bir qator muhim yo‘nalishlar ustuvor vazifa hisoblanadi.
Eng avvalo, sohadagi barcha jarayonlar, ya’ni ishlab chiqarish, import, eksport, ulgurji va chakana savdo amaldagi qonunchilikka qat’iy rioya etilgan holda tashkil etilishi lozim. Bunda tadbirkorlik sub’ektlari o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun belgilangan tartibda litsenziya olishi yoki vakolatli organni xabardor qilishi talab etiladi.
Shuningdek, bozorda sog‘lom muhitni saqlash uchun kontrabanda, qalbaki mahsulotlar va yashirin savdo kabi noqonuniy aylanmaga qarshi izchil kurashish zarur. Mahsulotlarning qonuniy kelib chiqishini ta’minlashda aksiz markalari va raqamli markirovka nazorati alohida ahamiyat kasb etadi. Bu esa iste’molchilarga faqat davlat standartlariga javob beradigan, sifatli va xavfsiz mahsulotlarni yetkazib berish imkonini beradi.
Bundan tashqari, qonunchilikda belgilangan yoshga to‘lmagan shaxslarga bunday mahsulotlarni sotmaslik bo‘yicha cheklovlarga qat’iy amal qilinishi shart. Soliq va aksiz to‘lovlarining o‘z vaqtida hamda to‘liq undirilishi esa davlat byudjeti tushumlarini ta’minlash va yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga xizmat qiladi.
Zamonaviy raqamli nazorat tizimlarini, jumladan, elektron monitoring va markirovka vositalarini joriy etish sohadagi shaffoflikni yanada oshiradi. Natijada aholining sifatsiz mahsulotlardan himoya qilinishi ta’minlanib, iste’molchilar huquqlari ishonchli muhofaza etiladi. Shu bilan birga, tadbirkorlar va fuqarolar o‘rtasida doimiy tushuntirish hamda targ‘ibot ishlarini olib borish huquqiy xabardorlikni oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Mazkur yo‘nalishlarning barchasi alkogol va tamaki bozorining qonuniy, shaffof hamda xavfsiz faoliyat yuritishini ta’minlab, davlat manfaatlari va aholi salomatligini himoya qilishga xizmat qiladi.
M.Qosimova, O‘zA