Alisher Navoiyning o‘zbek tili va mumtoz adabiyotga qo‘shgan hissasi
She’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy o‘zbek adabiy tilining mohiyatini ochib, ham badiiy ham ilmiy asarlar yaratish uchun boy va to‘la imkoniyatlarga ega ekanini namoyish etgan.
Alisher Navoiy o‘z asarlarida mingdan ortiq maqol va hikmatli so‘zlarni qo‘llagani ma’lum. Navoiy xalq maqollarini aynan keltiradi, ayrim maqollarning bir emas bir necha variantini qo‘llaydi. Turkiy tildagi maqollar bilan birga fors-tojik va arab tilidagi maqollarni ham keltiradi. Maqollar hozirgi kunda ham deyarli saqlanib qolgan. Bunga «Vafosizda hayo yo‘q, hayosizda vafo yo‘q», «Aytur so‘zni ayt, aytmas so‘zdan qayt», «Sihat tilasang ko‘p yema, izzat tilasang ko‘p dema» kabi maqollar shular jumlasidandir.
O‘zbek mumtoz adabiyotining shakllanishi va takomilida hech kim Navoiychalik xizmat qilgan emas.
Alisher Navoiy faoliyati va merosini o‘rganish uzoq va murakkab tarixga ega. Uning ilm-fan, san’at va adabiyot ahllariga homiyligi, ko‘pgina olim, shoir va san’atkorlarning kamol topishi va samarali ijod qilishida uning ma’naviy rahnamoligi va moddiy madadkorligi haqida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Navoiy doimo xalq me’morlari, ustalarining san’atini ardoqlagan, ularning mehnatini qadrlagan. Manbalarda ma’lumot berilishicha, Alisher Navoiy bino qurish va hovuzlar qazishda ishlayotgan kishilarni turli yo‘llar bilan rag‘batlantirgan. Tarixchi Xondamir Navoiy qurgan 52 ta rabot, 20 ta hovuz, 16 ta ko‘prik, bir qancha to‘g‘on, hammom, masjid va madrasalarni sanab o‘tadi. Navoiyning bu amaliy faoliyati uning badiiy ijodiyotida ham o‘z aksini topgan.
Ulug‘ zot umrini insonning baxt-saodati uchun kurashga, xalqning osoyishtaligi, o‘zaro urushlarning oldini olish, obodonchilik ishlariga, ilm-fan, san’at va adabiyot taraqqiyotiga bag‘ishladi.
Hazrat Mir Alisher Navoiy merosi asrlar osha avlodlardan avlodlarga o‘tib kelmoqda. Endilikda Navoiy vorislari bo‘lgan afg‘onistonlik o‘zbek yoshlari ham o‘zligini anglashga, o‘z ona tilini yanada mukammal o‘rganishga harakat qilmoqda. Xususan, Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida qo‘shni davlatning bir guruh o‘zbek yoshlari ilm o‘rganmoqda va o‘zbek tilining qonun qoidalarini mukammal o‘rganishga harakat qilmoqda. Dunyoviy ilmlarni mukammal egallayotgan bu yoshlar kelgusida qo‘shni davlatdagi millatdoshlarimizning o‘z ona tilini chuqur bilishiga, ulug‘ mutafakkir Navoiy ijodini targ‘ib qilib, uni kengroq o‘rganishiga imkon yaratadi, degan umiddamiz.
Sayyora To‘rayeva,
Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi O‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi.
O‘zA