“Alisher Navoiy. II jild” kitobi nashrdan chiqdi
Shu kunlarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlab “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan ma’rifiy anjumanlar, yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, kitobxonlik bayramlari o‘tkazilmoqda. Kitobxonlar uchun eng ulug‘, eng aziz bayramga tuhfa bo‘lishga arzigulik nashrlar, yangi asarlarning taqdimotlari o‘tkazilmoqda.
Taniqli adabiyotshunos va yozuvchi Bahodir Qobulning istiqlol bayrami arafasida nashrdan chiqqan kitobi o‘quvchilar uchun shunday bayramoldi sovg‘a deyish mumkin.
Mazkur kitob buyuk shoir va millat faxri Alisher Navoiyning 580 yillik tavalludiga munosib sovg‘a bo‘lishiga hamda davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ulug‘ bobomizning ko‘nglini xalqimizga yanada yaqinlashtirishga, bu qadrli merosni ma’naviyatimizning hayotbaxsh manbai va tarkibiy qismiga aylantirishga xizmat qilishiga shubha yo‘q.
“Alisher Navoiy. II jild” kitobi Alisher Navoiy dahosini teranroq anglash, bebaho ijodidan bahra olish imkonini berishi bilan qadrli. Kitobning dastlabki jildi bundan bir muddat avval nashrdan chiqqan edi.
Ushbu kitob O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Adabiyot” nashriyotida chop etildi. O‘giruvchi – Bahodir Qobul. Mas’ul muharrirlar – Habib Abdunazar, Orziqul Ergashev.
Aytish joizki, Bahodir Qobul buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy ijodini teran tahlil etgan bir qator asarlar muallifidir.
N.Usmonova, O‘zA