Alisher Navoiy haqida yangi roman
«Adabiyot» nashriyoti yozuvchi Isajon Sultonning «Alisher Navoiy» romanini chop etdi.
Yozuvchining uzoq yillik izlanishlari natijasida yuzaga kelgan ushbu asar olimlar, adabiyotshunoslar tomonidan yuqori baholanmoqda. Adib Navoiy ijodini anglab, uning ichki dunyosini tushunib, o‘quvchiga yetkazib berishga uringan.
Kitobda Alisher Navoiyning hayot yo‘li, asarlarining yaralish tarixi, ijodiy faoliyati, Husayn Boyqaro bilan munosabatlari yoritilgan.
O‘zbek adabiyotida Navoiy haqida bitilgan she’r, doston va publitsistik materiallar ko‘p. Ilmiy risola va tadqiqot ishlarini aytmasa ham bo‘ladi. Keng ko‘lamli badiiy asar –Oybekning «Navoiy» romanidan keyin sanoqli yozuvchilargina bu mavzuga qo‘l urishga jur’at qilgan. Yangi badiiy asar saviyasi, yozuvchi didi va mahoratiga haqiqiy bahoni esa kitobxon beradi.
D.Mamatova, O‘zA