Alimentni faqat otalar emas,onalar ham to‘laydi
Biz ko‘pincha bolaga aliment to‘lash haqida so‘z ketganda asosan otalarni bu ishga mas’ul sanaymiz. Ammo oramizda ajrashgach, farzandini otasida qoldirib, o‘zi bolasining ta’minoti uchun aliment to‘layotgan onalar ham talaygina.
Onalarni o‘z bolasining ta’minoti uchun aliment to‘lash tartibi qanday? Bu masalada ko‘proq otalar mas’uliyatlimi yoki onalar?
Shu kabi savollarga javob olish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining bo‘lim bosh inspektori Davlat RAJABOVni suhbatga chorladik.
– Ayting-chi, hududiy jihatdan ayollar tomonidan eng ko‘p aliment to‘lash ko‘rsatkichi qaysi viloyat yoki tumanga to‘g‘ri keladi?
– Nikohning bekor qilinishi ushbu nikoh natijasida dunyoga kelgan begunoh, murg‘ak bolalarning ota yoki ona mehrisiz o‘ksib ulg‘ayishiga olib kelganidan tashqari farzandlarni moddiy ta’minlash uchun aliment undirish ham davlat ijrochilari uchun eng dolzarb muammoga aylanmoqda.
Respublika bo‘yicha qarzdor ayollar bo‘lgan aliment undiruvi bilan bog‘liq 3 mingdan ortiq ijro hujjatlari mavjud bo‘lib, jami aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjatlarining 1% ni tashkil qiladi. Xududiy jihatdan ayollar tomonidan eng ko‘p aliment to‘lash ko‘rsatkichi Nukus (147 ta) va Samarqand (144 ta) shaharlariga to‘g‘ri keladi.
– Onalarning aliment to‘lash tartibi qanday va bu jarayon o‘z vaqtida bajarilyaptimi?
– Qarzdor ayol kishi bo‘lgan taqdirda ham moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
Mazkur toifadagi undiruvlar bo‘yicha undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamagan taqdirda MJtKning 474-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlik, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ham jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamagan taqdirda unga nisbatan JKning 122-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi.
– bugungi kunda aliment to‘lash borasida ko‘proq otalar mas’uliyatlimi yoki onalar?
– bugungi kunda aliment to‘lash borasida qarzdor otalar mas’uliyati kuchayib bormoqda.
– Alimentchi ona xorijda bo‘lgan taqdirda to‘lov qanday undiriladi?
– O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 145-moddasiga muvofiq, aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganida qonunga muvofiq o‘zi ta’minot berishi lozim bo‘lgan aliment oluvchilar bilan ushbu Kodeksning 130-134-moddalariga asosan aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzishi shart.
Aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuvga erishilmagan taqdirda manfaatdor shaxs aliment miqdorining pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi va alimentni bir yo‘la to‘lash to‘g‘risida yoki aliment evaziga muayyan mol-mulkni berish yoxud alimentni boshqa usulda to‘lash to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar oldindan to‘langan yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash uchun garov shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, shaxs aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzish majburiyatidan ozod etiladi.
Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Bundan tashqari, aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati chiqarilgunga qadar qarzdor ona (yoki ota) chet el davlatiga chiqib ketganligi aniqlanib, uning turgan joyi haqida ma’lumotlar olish imkoni bo‘lmaganida, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 42-moddasiga asosan davlat ijrochisi o‘z tashabbusi bilan yoki undiruvchining arizasiga ko‘ra qarzdorni qidirish to‘g‘risida qaror chiqaradi.
– Ayting-chi, aliment masalalari xorijda qanday yo‘lga qo‘yilgan?
– Aliment undirish haqida ijro hujjati chiqarilishiga sabab oilaning buzilishi va er-xotin o‘rtasida tuzilgan nikohning bekor qilinishi hisoblanadi. Bu boradagi xorijiy davlatlarda kuzatilayotgan holat o‘rganilganda, Rossiyada nikoh bekor qilinishi holatlari 50-52 foizni, AQSHda 50-59 foizni tashkil qilishini ko‘rishimiz mumkin.
Eng ko‘p ajrashishlar Yevropa Ittifoqi – Ispaniya, Portugaliya, Chexiya va Vengriyada kuzatilmoqda, ushbu davlatlarda 60 foizdan ko‘p oilalar nikohi bekor qilinar ekan.
Bu boradagi o‘rtacha ko‘rsatgich Xitoyda qayd etilgan bo‘lib, 20-29 foiz miqdorida ajrashishlar qayd etiladi.
Musulmon davlatlari ajrashishlar eng kam qayd etiladigan davlatlar toifasiga kirib, o‘rtacha 10-19 foiz oilalar nikohi bekor qilinadi, hattoki ba’zi davlatlarda bu ko‘rsatgich 5 foizdan oshmasligi kuzatilmoqda.
– Ayrim xorij davlatlarida aliment ota-ona tomonidan to‘lanmagan taqdirda maxsus fondlar tomonidan to‘lab berilar ekan. Bundan ko‘zlangan maqsad nima deb o‘ylaysiz?
– Savolingiz o‘rinli, chunki Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Avstriya, Norvegiya, Finlyandiya, Polsha, Latviya kabi Yevropa davlatlarida aliment undiruvi masalalariga alohida ahamiyat berilib, aliment to‘lovlari qarzdor tomonidan to‘lanmaganda davlat tomonidan maxsus fondlardan to‘lab berilishi yo‘lga qo‘yilganligi va ushbu fondlarning tegishli qonun normalari bilan tartibga solinishi o‘sib kelayotgan yosh avlod moddiy ta’minotini kafolatlaydi. Fonddan aliment to‘langanda, bola ta’minotida uzilish bo‘lmaydi hamda to‘lab berilgan aliment pullari qarzdordan keyinchalik undirib olinishi belgilab qo‘yilgan.
Italiyada esa, ota (ona) aliment to‘lashdan bosh tortgan hollarda, sud orqali bobo va buvisidan aliment undiruvi amalga oshirilishini belgilash mumkin.
Xitoyda aliment to‘lamaganlik soliq to‘lovlari to‘lashdan bo‘yin tovlash qatorida og‘ir toifadagi jinoyat sanalib, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash aliment to‘lovchini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish yoki hattoki o‘lim jazosiga hukm qilinishiga olib kelishi mumkin.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi.