Alimentdan qarzdor otalar ishga joylashtirildi
Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi, uning tuman va shahar bo‘limlari tomonidan aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash, voyaga yetmaganlar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida zarur ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, aliment pullarini undirish bilan birga ish bilan band bo‘lmagan, ishsizlik tufayli aliment bo‘yicha qarzlarini to‘lashga qiynalayotgan otalar bandligini ta’minlashga ham ko‘maklashmoqda.
Jalaquduq tumanida tashkil etilgan mehnat yarmarkasiga Byuroning Jalaquduq tuman bo‘limi tashabbusi bilan sud tomonidan aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan ishsiz shaxslar jalb etildi.
Yarmarkada 40 nafarga yaqin qarzdor, ishsiz otalar ishtirok etdi. Yarmarka davomida ularning 13 nafari doimiy ishga joylashgan bo‘lsa, 11 nafariga tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan ishsiz sifatida ro‘yxatga olinishiga ko‘maklashildi.
Oila – muqaddas go‘sha. Uni asrab-avaylash, farzandlarimizni tarbiyalab, kamolga yetkazish har bir inson zimmasidagi ulkan mas’uliyat. Ming afsuski, turli sabablar tufayli ajrashib, lekin mas’uliyatni his etmasdan, qolaversa, ishsizligi bois farzandlari ta’minoti uchun aliment pullarini to‘lamay yurgan otalarga ana shu tarzda yordam ko‘rsatilmoqda.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA