Alimentchi ota qarzini ortig‘i bilan to‘ladi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sherobod tumanlararo sudining 2016 yil iyundagi buyrug‘iga asosan tumanda yashovchi E.Hasanovdan bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Biroq, farzandi oldida burchini bajarib qo‘yishni unutgan ota aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab qochib yurgani uchun MIB tuman bo‘limi unga nisbatan qidiruv e’lon qilgan. Davlat ijrochilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, qarzdor Elbek Hasanovning 42 million so‘m aliment qarzdorligi mavjud.
– Alimentchi otaga ushbu qarzdorlik bartaraf etilmagan taqdirda sud qarori bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazo qo‘llanilishi mumkinligini tushuntirdik, – deydi Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati Sherobod tumani bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari O‘tkir Hasanov. – U bu mablag‘ begonaga emas balki, o‘zining jigargo‘shasiga berilayotganini anglab qarzdorlikni bir yo‘la ortig‘i bilan ya’ni, 45 million so‘m to‘lab berdi. Moddiy ta’minotga qiynalib turgan ona bu pulni farzandining kelajagi uchun to‘g‘ri sarflashini aytib, ijro hujjatini ham muddatidan oldin qaytarib oldi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA