Aliment to‘lamay yurgan ota ushlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi qidiruv inspektorlari tomonidan muntazam ravishda tadbirlar o‘tkazilmoqda. O‘tkazilgan tadbirlardan birida uzoq vaqtdan beri aliment to‘lamay qochib yurgan shaxs ushlandi. Kosonsoy tumanida yashovchi Z.Z.dan fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudining qaroriga asosan M.R. foydasiga ikki nafar farzandi uchun aliment undirish belgilangan. Biroq qarzdor bir necha marotaba ogohlantirilishiga qaramay bolalari moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlab keladi.
Qarz miqdori 147 million so‘mni tashkil etadi. Qarzdor ota go‘yoki qochib yursam to‘lamayman, degan o‘yda berkinib yuradi. Yashash joyidan yashirinish maqsadida ishlashni bahona qilib ketib qoladi. Qarzdorga nisbatan davlat ijrochisi tomonidan qidiruv e’lon qilingan.

Olib borilgan tezkor harakatlar davomida qarzdor ushlandi va unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.
– Joriy yilning o‘tgan davrida zimmasidagi burchni unutgan mas’uliyatsiz otalarni topishga qaratilgan tadbirlar davomida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgan 100 nafar qarzdor shaxs topildi, – deydi MIB Namangan viloyat boshqarmasi katta inspektori I.Hojimirzayev. – Bundan tashqari, hozir ish yurituvda bo‘lgan ijro ishlari yuzasidan 103 nafar qarzdorni qidirib topish choralari ko‘rilmoqda. Qidiruvga berilgan ushbu shaxslardan 52 nafari chet elga chiqib ketganligi aniqlangan va ularga nisbatan davlatlararo qidiruvni amalga oshirish bo‘yicha so‘rovnomalar yuborilgan.
Shuningdek, mahalliy qidiruvga berilgan qarzdor 51 kishini topish yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri