Alibaba Group kompaniyasi bilan hamkorlik
Dunyoga mashhur ushbu kompaniya delegatsiyasining mazkur tashrifi O‘zbekistonning Xitoyning yetakchi korxonalari bilan hamkorligini kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish imkonini berdi.
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park)da O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqovning Xitoyning Alibaba Group kompaniyasi ilmiy- tadqiqot instituti strategik hamkorlik markazi Bosh kotibi Sin Cheng bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Dunyoga mashhur ushbu kompaniya delegatsiyasining mazkur tashrifi O‘zbekistonning Xitoyning yetakchi korxonalari bilan hamkorligini kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish imkonini berdi.
Muzokaralar doirasida tomonlar o‘zaro kooperatsiyaga katta qiziqish bildirdi, kelgusidagi hamkorlik bo‘yicha fikr almashdi. Uchrashuvda elektron tijoratni rivojlantirish, “V2V“ onlayn platformani yaratish (marketpleys), O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish singari hamkorlikning muhim va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
O‘zbekistonda ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlarini tashkil etish bo‘yicha tajriba almashish va hamkorlik qilishga doir tegishli ishlarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun: Alibaba Internet-savdo va elektron tijorat sohasi bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biridir. Alibaba Group kompaniyalar guruhiga kiradi va uning aksiyalari Nyu-York fond birjasida sotiladi. Bugungi kunda Alibaba Group kapitalizatsiyasi 500 milliard AQSh dollaridan oshadi.