Aktam Haitov buxorolik faollar bilan uchrashdi
Buxoro Davlat universitetida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi mas’ul xodimlari, mahalliy Kengash deputatlari, universitet professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezidentimiz raisligida yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashda mas’ullar oldidagi vazifalar xususida so‘z bordi. Shuningdek, bitiruvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish va ish bilan ta’minlashga qaratilgan “Hayot maktabi” dasturini amalga oshirish tashabbusi ilgari surilganligi, ushbu muhim masala barcha yerda bo‘lganidek Buxoroda ham asosiy e’tiborda bo‘lmog‘i darkorligi ta’kidlandi.

Shuningdek, davra suhbati ishtirokchilariga O’zLiDeP faoliyati, uning dasturiy maqsad va vazifalari, mamlakatimiz siyosiy maydonida tutgan o‘rni, qonun ijodkorligini ta’minlashdagi hissasi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda navqiron avlod vakillariga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, yoshlarga oid davlat siyosati doirasida ular faoliyati bilan bog‘liq Prezident farmon va qarorlarining qabul qilinishi va ularning amaldagi ijrosi bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. E’tiborlisi, bir qator muhim hujjatlarning qabul qilinishida yoshlarning ham taklif va fikrlari e’tiborga olinmoqda.

Ma’lumki, shu kunlarda Prezidentimizning “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokamalari qizg‘in davom etmoqda. So‘zga chiqqanlar Davlat dasturi loyihasini takomillashtirishga talaba-yoshlar ham nazariy va amaliy takliflari bilan o‘z hissalarini qo‘shishlari zarurligini qayd etdi.

Davra suhbati davomida universitet prefossor-o‘qituvchilari hamda talaba yoshlarining bir qator taklif va fikr-mulohazalari tinglandi. Ularni qiziqtirgan savollarga tashkilotchilar tomonidan atroflicha javob berildi.
Tadbirda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Haitov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Emma Aslonova qatnashdi.
Zarif Komilov, O‘zA