Aksariyat murojaatlar joyida hal etildi
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi direktori Akram Xalilov hamda viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Sarabekov sayyor qabul o‘tkazdi.
Tadbirda yuzga yaqin fuqaro va tadbirkorlar ishtirok etdi. Unda tadbirkorlar tomonidan sud-ekspertizasi bilan bog‘liq masala yuzasidan o‘ndan ziyod murojaat kelib tushdi. Shuningdek, fuqarolarning soliq, bank-kredit, ish stajini tiklash va mehnat munosabatlariga oid murojaatlari tinglanib, adliya ish yurituviga qabul qilindi. Shuni alohida aytish lozimki, bugungi kunda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan olib borilayotgan tergov jarayonlarining adolatli yakun topishida Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining o‘rni beqiyos.

Aynan ekspertlarning xulosasi bilan aksariyat jinoyatlar qanday sodir bo‘lganiga va jinoyatchilarning shaxsiga oydinlik kiritib kelinmoqda. Jinoyatlarni ochish va odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq tergov organlari hamda sudlar faoliyatida fan-texnika yutuqlaridan keng foydalanishga ehtiyoj ortib boryapti.

– Navoiy shahrida bir necha yildan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelaman, – deydi Nurlan Isroilov. – bugungi qabulda turar-joy ekspertizasi bo‘yicha murojaatga ijobiy yechim topildi. Bundan xursandman.
Qabulda fuqarolarga ekspertiza turlari kengayayotgani, endilikda advokatlar tashabbusi bilan ham ekspertiza tayinlash imkoniyatlari mavjudligi borasida ma’lumotlar berildi.
A.BO‘RIEV, O‘zA