Akbar Jo‘rayev - Yilning eng yaxshi erkak sportchisi
Akbar Jo‘rayev 2025 yilda ham tengsiz sport mahoratini namoyish etib, yurtimiz sporti tarixida yana bir yorqin sahifa ochdi. O‘zbekistonning taniqli og‘ir atletikachisi joriy yil davomida yuksak sport saviyasini amalda isbotladi.
U Osiyo chempionati, Jahon chempionati hamda Islom birdamligi o‘yinlarida ishtirok etib, ushbu nufuzli musobaqalarning barchasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Jahon rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
2025 yil hisobidan Akbar Jo‘rayev qo‘lga kiritgan oltin medallar soni 9 taga yetdi. Bu natija nafaqat og‘ir atletika bo‘yicha terma jamoamiz, balki butun O‘zbekiston sporti tarixida ham yuksak va e’tirofga loyiq yutuq sifatida baholanadi.
Shubhasiz, ana shunday ulkan muvaffaqiyatlar, yuksak mahorat va barqaror natijalar egasi bo‘lgan Akbar Jo‘rayevga «Yilning eng yaxshi erkak sportchisi» mukofotini topshirish eng munosib va adolatli tanlov.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA