Akademik litsey bitiruvchilari ishonchni oqladi
Navoiy davlat pedagogika instituti huzuridagi akademik litseyini joriy yilda bitirgan 217 nafar o‘quvchilardan 206 nafari turli oliy o‘quv yurtlari talabasi bo‘ldi.
Endilikda ularning 113 nafari davlat granti, 93 nafari shartnoma asosida o‘qishni davom ettirmoqda.
2021 yil yanvar-fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy davlat pedagogika instituti tomonidan akademik litseyga 500 million so‘mlik o‘quv laboratoriya jihozlari, kompyuter sinfiga kompyuterlar, sport va musiqa jihozlari, shuningdek, vebinar xona tashkil etilib, interaktiv elektron doska olib berilgan edi.

Yakunlangan o‘quv yilida fan olimpiadalarining respublika final bosqichida fizika fanidan Umid Muhammedov faxrli 1-o‘rinni, ingliz tili fanidan esa Kamola Usmonova faxrli 3-o‘rinni egallab, egallagan fanidan oliy ta’limga kirish uchun maksimal ball beruvchi sertifikatga ega bo‘lgan edi. Bundan tashqari, Umid Muhammedov O‘zbekiston-Koreya xalqaro universitetida 4 yillik grat asosida o‘qish imtiyozini beruvchi 12800 AQSH dollari qiymatidagi vaucher va sertifikatga ega bo‘ldi.
2020-2021 o‘quv yilida akademik litsey bitiruvchilaridan 62 nafari ingliz tilidan xalqaro va milliy sertifikatni qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, akademik litsey o‘quvchilarining sport musobaqalaridagi ishtiroki ham e’tirofga loyiq. 2021 yilda 2-kurs o‘quvchisi Temur Rajabov sportning boks turi bo‘yicha Respublika chempioni, Nurshohrux Isroilov “O‘zbek jang san’ati” sport turining “Mergan chavandoz va Mergan sportchi” yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati Temuriylar bellashuvi yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi. Navoiy shahrida sportning kurash turi bo‘yicha 2001-2003 yillarda tug‘ilgan yoshlar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatining +90 kg vazn toifasi bo‘yicha Qurbonboy Rajabov faxrli 1-o‘rinni egallab, oliy o‘quv yurtining muddatidan oldin talabasi bo‘ldi.
Akademik litseyda o‘tkazilgan uchrashuvda Navoiy davlat pedagogika instituti prorektori D.Ro‘ziyev va o‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i B.Hosilovlar mamlakatimizda ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar va yoshlarimiz uchun yaratib berilayotgan sharoit va imtiyozlar haqida o‘quvchilarga ma’lumot berdi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA