Ajdodlar merosiga ehtirom xalqlarimizning doʻstligi va hamkorligini mustahkamlaydi
Mamlakatimizda davlat tashrifi bilan boʻlib turgan Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In kunning ikkinchi yarmida Samarqand shahriga keldi.
Mamlakatimizda davlat tashrifi bilan boʻlib turgan Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In kunning ikkinchi yarmida Samarqand shahriga keldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Mun Chje In rafiqalari hamrohligida Samarqanddagi tarixiy obidalarni koʻzdan kechirdi.

Davlat rahbarlari dastlab Mirzo Ulugʻbek rasadxonasiga tashrif buyurdi. Amir Temurning suyukli nabirasi boʻlgan Muhammad Taragʻay Mirzo Ulugʻbek buyuk astronom olim va hukmdor sifatida ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qoʻshgan. Oʻrta asrlardayoq noyob rasadxona kashf qilib, osmon jismlarini juda aniq oʻrgangan. Uning “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari dunyo astronomiyasida muhim qoʻllanma boʻlib xizmat qilgan.
Mun Chje In Mirzo Ulugʻbek haqida maʼlumotga ega ekanini, rasadxona va muzeyni koʻrib, uning zehni, ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissasi buyukligiga yana bir bor ishonch hosil qilganini taʼkidladi.

Mirzo Ulugʻbek haqida koreyaliklar ham maʼlumotga ega ekani, bu yerga kelgan kishi uning zehni, ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissasi kattaligiga yana bir bor ishonch hosil qilishi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston va Janubiy Koreya Prezidentlari “Afrosiyob” muzeyida boʻldi.
Samarqand shahrining uch ming yillik tarixidan hikoya qiluvchi mazkur muzey, bu yerdagi noyob eksponat va devoriy suratlar butun dunyo sayyohlarini, ayniqsa, koreyaliklarni oʻziga jalb etib keladi. Chunki VII asrga oid devoriy suratlardan birida Samarqand hukmdorining qadimgi Koreya – Koguryo elchisini qabul qilish marosimi ham aks etgan.

Janubiy Koreya Prezidenti ushbu tarixiy suratni hayrat va eʼtibor bilan tomosha qilar ekan, xalqlarimiz oʻrtasidagi aloqalar uzoq oʻtmishga borib taqalishini, bu doʻstlik va hamkorlik bundan keyin ham bardavom boʻlishini taʼkidladi.
Shu yerda davlat rahbarlari huzurida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan Koreya Respublikasining Madaniy meros maʼmuriyati oʻrtasida imzolangan madaniy meros sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumi oʻzaro almashildi.

Dunyoga mashhur Registon maydoni – ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyatini namoyon etuvchi yana bir maskan. Mirzo Ulugʻbek, Sherdor va Tillakori madrasalarining mahobati, oʻzi xos arxitekturasi hammada hayrat va havas uygʻotadi.
Koreya Respublikasi Prezidenti ham Registondagi Tillakori madrasasi va masjidini, milliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmalarini hayrat bilan tomosha qildi. Oliy martabali mehmonga madrasalarning qurilish tarixi, peshtoqlaridagi naqsh va ramzlarning mazmuni haqida soʻzlab berildi.

Shu yerda majmua ziyoratiga kelgan sayyohlar va Samarqand shahri aholisi Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi Prezidentlarini qarsaklar bilan olqishladi.
Qayd etish lozimki, dunyo xalqlarining nufuzli sanʼat bayramiga aylanib ulgurgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini ham Registon maydonisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Har ikki yilda oʻtkaziladigan mazkur tadbirda Koreya Respublikasi jamoalari ham muntazam qatnashib, yuqori natijalarni qayd etmoqda. Xususan, 2017 yilda ushbu davlatlarning Geosong xalq qoʻshiqlarini saqlash fondi jamoasi birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan edi. Joriy yilda Registonda “Sharq taronalari” musiqa festivali oʻn ikkinchi marta oʻtkaziladi va unda Koreyadan ham jamoalar qatnashishi kutilmoqda.

Amir Temur maqbarasi ziyorati chogʻida mehmonlarga buyuk bobomizning davlatchilik siyosati, harbiy mahorati, turli mamlakatlar bilan diplomatik aloqalari haqida soʻzlab berildi. Sohibqiron bobomiz va temuriylar davlati oʻz davrining eng ulkan va rivojlangan mamlakati boʻlgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning Oʻzbekistonga davlat tashrifi davom etmoqda.








