Ajdodlar merosi – o‘chmas xotira
Poytaxtimizda Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “Ajdodlar merosi – o‘chmas xotira” haftaligi doirasida “O‘zbekiston arxivlari: Tarixiy xotiradan Yangi O‘zbekiston sari” nomli anjuman hamda “Tarixiy xotira” nomli fotoko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.
Keyingi yillarda arxiv ishi sohasida ham ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, arxivlarda saqlanayotgan tarixiy hujjatlarga aholi, ilmiy jamoatchilikning qiziqishi kuchaydi. Buning natijasida arxivlarda saqlanayotgan boy tariximiz, ma’naviy merosimizning hali o‘rganilmagan hujjatlari ilmiy o‘rganildi. Islohotlar natijasida arxiv hujjatlarini raqamlashtirishga e’tibor kuchaytirildi.
Bugungi kunda tariximizga oid ko‘plab arxiv hujjatlarini o‘rganishga ilmiy tadqiqotchilar jalb etilgan. Ayniqsa yosh ilmiy izlanuvchilar soni o‘tgan yillarga nisbatan oshgan.
[gallery-20223]
Anjuman doirasida O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi saqlovidagi 60 dan ziyod va O‘zbekiston Milliy arxivi saqlovidagi 20 dan ziyod arxiv ishi sohasi tarixiga oid “Tarixiy xotira” foto va arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ishtirokchilar mazkur fotoko‘rgazma bilan tanishib, turli yillarda arxiv sohasining rivojlanish bosqichlarini ko‘rib chiqdi.
“Ajdodlar merosi – o‘chmas xotira” nomli haftalik doirasida bugungi kunda barcha hududlarda mavzuga bag‘ishlangan turkum tadbirlar, foto va arxiv hujjatlari namoyishi tashkil etilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA