Aholini xatarlardan himoya qilish mexanizmlari takomillashtiriladi
Ijtimoiy himoya tizimini zamon talablariga mos ravishda rivojlantirish aholi manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Bu yo‘nalishda xalqaro tajribadan foydalanish va samarali yondashuvlarni milliy amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida YUNISEF vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda shu haqda so‘z bordi.
Suhbat davomida O‘zbekiston Respublikasining Adaptiv ijtimoiy himoya strategiyasini ishlab chiqishga doir yondashuvlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Unda iqlimiy, tabiiy va iqtisodiy xatarlarni hisobga olgan holda aholini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish masalalariga urg‘u berildi.
Tomonlar turli xavflar sharoitida aholi va xo‘jaliklarning barqarorligini ta’minlash, zarur ijtimoiy yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish hamda bu borada davlat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratdi.
Shu bilan birga, strategiyani tayyorlashning keyingi bosqichlari ham belgilab olindi. Xususan, manfaatdor tomonlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, xorijiy tajribani o‘rganish va hujjatni amaliyotga tatbiq etish jarayonida O‘zbekiston uchun eng dolzarb bo‘lgan favqulodda, tabiiy hamda iqlim bilan bog‘liq xavflarni aniqlash masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv so‘nggida mazkur yo‘nalishdagi ishlarni birgalikda davom ettirish, strategiya loyihasini takomillashtirish va adaptiv ijtimoiy himoya mexanizmlarini amaliyotga samarali joriy etish bo‘yicha hamkorlikni izchil olib borishga qaror qilindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA