Aholini uy-joy bilan ta’minlash – ustuvor vazifa
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan aholining turmush darajasini yanada yaxshilash, farovonligini oshirish, ularni zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash masalasi davlat siyosatining muhim yo‘nalishi etib belgilangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan aholining turmush darajasini yanada yaxshilash, farovonligini oshirish, ularni zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash masalasi davlat siyosatining muhim yo‘nalishi etib belgilangan. Ushbu vazifalardan kelib chiqib, mamlakatimizning barcha hududlarida namunaviy loyihalar asosida uy-joylar barpo etish borasidagi ishlar ko‘lami kengaymoqda.Iqtisodiyot vazirligida tashkil etilgan anjumanda shular xususida so‘z bordi.
– Keyingi yillarda mamlakatimizda qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini yaxshilash, namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joylar qurish hisobiga qishloq aholisining hayot darajasi va sifatini oshirish, qishloqda muhandislik va transport kommunikatsiyalarini, ijtimoiy infratuzilma obyektlarini jadal rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, – deydi Iqtisodiyot vazirligi bo‘lim boshlig‘i G‘.Jamolov. – 2009-2016-yillarda qishloq joylarda 1 ming 308 turar joy massivida umumiy maydoni 9 million 573 ming kvadrat metr bo‘lgan 69 ming 557 uy-joy qurildi. Qishloqlardagi 83,5 mingdan ortiq oilaning yashash sharoiti yaxshilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi "2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida"gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur qaror ijrosi qishloq aholisining keng qatlamlari uchun zamonaviy va shinam uylardan foydalanish darajasini tubdan oshirishga, yer resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga va qishloq joylarda yakka tartibda uy-joy qurilishini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Dasturda qishloq joylarda narx parametrlari va shinamliligiga ko‘ra yakka tartibdagi uy-joylar namunalarining uchta eng arzon turlarini qo‘shimcha ravishda barpo etish nazarda tutilgan.
Agar 2009-yilda qabul qilingan Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joylar qurish dasturiga ko‘ra uy quruvchining dastlabki badali 25 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yangi dastur bo‘yicha ushbu badal birinchi va ikkinchi turdagi uylarni quruvchilar uchun 15 foizdan iborat bo‘ladi. Bu arzon uylar dasturi qishloq aholisining keng qatlamini jalb etishda muhim omil bo‘ladi.
Dasturda 2017-yilda 15 mingta yangi uy va kvartira, jumladan, 4 ming 608 birinchi turdagi, 3 ming 739 ikkinchi turdagi, 3 ming 672 uchinchi turdagi uyni hamda 0,06 gektar maydonli 3, 4 va 5 xonali 2 ming 981 ta bir qavatli uy qurish nazarda tutilgan.
Tadbir davomida davlatimiz rahbarining 2016-yil 22-noyabrdagi «2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham so‘z yuritildi.
Mazkur qarordan maqsad – shaharda yashayotgan aholini, shu jumladan, yosh oilalar, eskirgan uy-joylarda yashayotgan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan boshqa toifadagi fuqarolarni arzon, qulay, zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash yo‘li bilan ularning turmush darajasini yanada oshirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishdan iborat.
Qarorga muvofiq 2017-2020-yillarda shaharlarda 945 ko‘p kvartirali uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. 2017-yilda 191 ko‘p kvartirali uy qurilishi belgilangan hamda shu kunlarda ularni qurish ishlari boshlab yuborilgan. Shundan 102 tasi Toshkent shahrida bunyod etiladi.
Ko‘p xonadonli uylar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish materiallari asosida barpo etiladi. Uylarda yashovchilar uchun dam olish joylari, bolalar maydonchalari, avtomobil turish joylari, chiqindi yig‘ish punktlari qurilishi rejalashtirilgan. Hudud obodligi ta’minlanadi.
Tadbirda tijorat banklari mutasaddilari namunaviy loyihadagi uy-joylar hamda ko‘p xonadonli uylar qurilishida banklar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilayotgan imkoniyatlar, ajratilayotgan kreditlar xususida axborot berdi.
Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.