Aholimizning vaqti ham naqdi ham tejalmoqda
bugungi kunda mamlakatimizda davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yangi tizimlari, zamon talablariga mos tartib-taomillari joriy qilinishi aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga qulayliklar yaratish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, Prezidentimizning shu yil 23 martdagi «Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga binoan, 1 maydan boshlab 28 turdagi davlat xizmati natijalari fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining xohishiga ko‘ra pochta orqali yetkazilyapti.
Jumladan, aholi ko‘p murojaat qiladigan sog‘liqni saqlash
va ijtimoiy himoya sohalarida muhtoj shaxslarga protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya texnik vositalari va kreslo-aravachalar yetkazib berish, keksa va nogironligi bo‘lgan shaxsni yolg‘iz yashaydigan yoki yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etish, imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga order berish, o‘zgalarning parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bor shaxslarga sanatoriylarda imtiyozli davolanishi uchun yo‘llanmalar berish, odamning immunitet tanqisligi virusi mavjud emasligi to‘g‘risidagi sertifikatlarni pochta orqali olish mumkin bo‘ldi.
Shuningdek, hujjatlarni legallashtirish, sudlar, ta’lim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga apostol qo‘yish, ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat dublikatini taqdim etish, xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta, oliy ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash, haydovchilik guvohnomasini berish, almashtirish va yo‘qolganlari o‘rniga yangisini berish, avtotransport vositalari va tirkamalarini ro‘yxatdan o‘tkazish yoki tranzit ro‘yxatdan o‘tkazish, davlat raqami belgisini berilgani haqidagi hujjatlar ham murojaatchining xohishiga ko‘ra, pochta xizmati orqali yetkazilmoqda.
Endilikda 2022 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasini hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berishni, shu jumladan davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirishni yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur yangiliklar Prezidentimizning joriy yil 24 iyul kuni imzolagan «Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan belgilandi.
Mazkur farmonda kelgusi yildan boshlab Davlat xizmatlari markazlari va YAIDXP orqali 87 turdagi bosqichma-bosqich joriy etiladigan davlat xizmatlari, jumladan, baholovchilarga toifalar berish, oilaviy mehmon uylarini yagona reyestriga kiritish, sport hakamlariga malaka toifasini berish, aktuariy malaka sertifikatini berish, alohida uy (uyning bir qismi) yoki kvartirani xususiylashtirishga bergan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotnoma berish kabi yangi xizmatlar davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilishini ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2021 yil boshidan boshlab 59 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatish muddatlari qisqartirilmoqda. Xususan, hozirgi vaqtda Falsafa doktori (Doctor of Philosophy, PhD) ilmiy darajasi bo‘yicha davlat namunasidagi diplomni berish 20 kunni tashkil qilayotgan bo‘lsa, kelasi yil 1 yanvardan boshlab 1 ish kunini tashkil qiladi. Professor ilmiy unvoni bo‘yicha davlat namunasidagi attestatni berish esa 1 oydan 1 ish kuniga qisqartirilmoqda.
Shuni ham alohida qayd etish joizki, 1 oydan 1 ish kuniga qisqartirilayotgan xizmatlar ichida Dotsent ilmiy unvoni bo‘yicha davlat namunasidagi attestatni berish, Katta ilmiy xodim ilmiy unvoni bo‘yicha davlat namunasidagi attestatni berish tartiblari borligi mamlakatimizda ilm-fan taraqqiyoti alohida e’tibor berilayotganlidan dalolatdir.
Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga huquqiy masalalar bo‘yicha bepul maslahat va tushuntirishlar berish, aholini fuqarolar, tadbirkorlik sub’ektlari va nodavlat notijorat tashkilotlarning kundalik hayotini tartibga soluvchi qonunchilik aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini qabul qilish va zarur hollarda ularni tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlarning idoraviy aloqa markazlari (ishonch telefonlari)ga yo‘naltirish, davlat xizmatlaridan foydalanishda ko‘p so‘raladigan savollar to‘g‘risida ma’lumot berish, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish yuzasidan arizalarni qabul qilish va murojaat qiluvchilarga onlayn-konsultatsiyalar va tegishli tushuntirishlar berish kabi vazifa hamda funksiyalarni amalga oshiruvchi Davlat xizmatlari agentligi huzuridagi Axborot xizmatlarini rivojlantirish markazi negizida Davlat xizmatlarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi.
Mazkur farmon bilan Markazga qo‘shimcha 6 ta vazifa yuklatildi. Endilikda Markaz aholining turli ijtimoiy qatlamlari tomonidan davlat xizmatlaridan foydalanishda yuzaga keladigan muammolarni aniqlab, ularni ilmiy tahlil qilib borish, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani O‘zbekiston Respublikasiga implementatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kabi vazifalarni ham amalga oshiradi.
Ta’kidlash joizki, mazkur farmonda 2022 yil 1 yanvardan boshlab ko‘rsatilishi uchun undiriladigan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar miqdori kamaytiriladigan davlat xizmatlari borligi bu aholining va tadbirkorlarning pulini tejashga xizmat qiladi.
Ushbu davlat xizmatlar ro‘yxatida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olishga doir bitimlarga oldindan rozilik berish BHMning 10 baravaridan BHMning
7 baravariga, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga xorijga chiqish uchun biometrik pasport berish BHMning 1,2 baravaridan BHMning 1 baravariga, Tadbirkorlik sub’ektlariga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida yangi namunadagi guvohnoma berish BHMning 1 baravaridan BHMning 20 foizigacha qisqarayotganligi yoki O‘zbekiston Respublikasining tegishli diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan amalga oshirilgan notarial harakatlar uchun undiriladigan gerb blankasi uchun yig‘im 5 AQSH dollaridan bepul bo‘layotganligi davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddatlarining uzunligi, ular bo‘yicha to‘lovlarning yuqoriligi kabi salbiy holatlarga barham berilishiga olib keladi.
Kuni kecha «Davlat xizmatlari ko‘rsatishning infratuzilmasi takomillashtirilganligi va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» Hukumat qarori qabul qilindi. Qaror bilan bir qator davlat xizmatlari ko‘rsatishdagi to‘lov miqdorlari kamaytirildi.
Jumladan, chet tilini bilish darajasi to‘g‘risida malaka sertifikatining dublikati berilganligi uchun 2021 yil 1 dekabr kunidan boshlab BHMning 50 foizidan BHMning 10 foizi miqdorida to‘lov undirilishi belgilandi.
Ushbu o‘zgarishlar aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonida qo‘shimcha yengilliklar yaratadi. Ularga qimmatli vaqt va mablag‘ini tejab qolish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qabul qilingan Qonun hujjatlari fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ortiqcha vaqt yo‘qotish kabi ovoragarchiliklar deyarli barham topishiga xizmat qiladi. Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi islohotlar natijadorligini va samaradorligini ijobiy baholanishiga sabab bo‘ladi.
Eng asosiysi mamlakatimizda davlat xizmatlari ko‘rsatishning mutlaqo yangi tizimi joriy etilgani yurtdoshlarimizning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishda, vaqtini ham, naqdini ham tejashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shohrux MAMATQULOV,
Davlat xizmatlari agentligi huzurida
Davlat xizmatlarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi
bosh maslahatchisi