Aholiga xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanmoqda
Orolbo‘yi shahar va tumanlarida “Kambag‘allikdan - farovonlik sari” harakati doirasida fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularning qo‘shimcha daromad olishiga va o‘z tadbirkorligini boshlashiga ko‘maklashish borasida qator amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Jumladan, Shumanay tumanida bo‘sh ish o‘rinlari va uy sharoitida kichik biznes bilan shug‘ullanish uchun navbatdagi yarmarka o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, o‘z tadbirkorligini boshlab, daromadni oshirish istagi bor fuqarolar uchun barcha yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.

Yarmarkada shuningdek, ishsiz va ijtimoiy reyestrga kiritilgan aholi qatlami uchun davlatimiz tomonidan yaratilgan barcha imtiyozlar, subsidiyalar va yordam turlari to‘liq tushuntirildi. Ularga zarur ma’lumotlar berilib, imkoniyatlar ko‘rsatildi. Bundan tashqari, uy sharoitida o‘z biznesini boshlab, qo‘shimcha daromad olish niyatida bo‘lgan fuqarolar uchun shu joyning o‘zida maxsus asbob-uskunalar tarqatildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari R.Nurazizov bu borada Qorao‘zak tumanida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Prezidentimiz topshirig‘i bilan shahar va tumanlarga biriktirilgan viloyatlar tomonidan joylarda yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash borasida amaliy chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Shu qatorda Qorao‘zak tumanida Namangan viloyati tomonidan drayver loyihalarni amalga oshirish, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish maqsadida 42 nafar ishsiz yoshning bandligini ta’minlashga qaratilgan jami 14 ta xizmat ko‘rsatish kichik loyihasi tashkil etilmoqda. Shuningdek, Qutli makon mahallasida yangi amfiteatr, kutubxona, Mustaqillik guzari mahalla binosini qurish belgilangan.

Bundan tashqari, tumanda davlatimiz rahbarining joriy yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida markazdagi kollektor o‘rnida yopiq drenaj tizimini qurish, ikkita ko‘chani aholi sayr qiladigan joyga aylantirish, shuningdek, zamonaviy savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish, “Nukus-Taxtako‘pir” yo‘li bo‘yidagi yoshlar xiyobonini qayta ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, yangi to‘yxona xizmatini tashkil etish loyihasi ham davom ettirilmoqda.
Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi tumanda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga, aholi uchun qulay sharoitlar yaratishga va yangi ish o‘rinlari ochishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri