Aholiga gaz ballonlari tarqatildi
Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi G‘alaba mahallasi aholisiga maishiy gaz ballonlari tarqatildi.
“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi bilan “O‘zbekistonning chekka qishloq hududlarida pandemiya sharoitida qarorlar qabul qilishda ehtiyojmand aholi qatlami ishtirokini oshirish” loyihasi doirasida mahalladagi ehtiyojmand oilalarga umumiy qiymati 90 million 420 ming so‘mlik 165 dona maishiy gaz ballonlarini topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda loyiha tashkilotchilari, tuman hokimligi, gaz ta’minoti idorasi vakillari, mahalla faollari ishtirok etdi. Ayni kunda G‘alaba mahallasidagi 740 xonadonda 3 ming 400 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallaga tabiiy gaz yetib kelmagan, shu bois, aholiga suyultirilgan gaz yetkazib beriladi. Biroq xonadonlar gaz ballonlari bilan yetarli darajada ta’minlanmagan. O‘tgan yili loyiha ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlardan so‘ng Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan loyiha mablag‘lari hisobidan mahallaning Haqiqat, Kunchiboq, Dilkash va Do‘stlik ko‘chalarida yashovchi ehtiyojmand oilalar vakillariga gaz ballonlari beriladigan bo‘lgan edi. Gaz ballonlarini kimlarga berish masalasini aniqlashda bevosita mahalla aholisi ishtirok etdi, ularning taklif va tavsiyalaridan kelib chiqib, gaz balloni oluvchilar ro‘yxati shakllantirildi.
[gallery-6468]
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati tashkilotlari orqali COVID-19 pandemiyasining ta’sirini kamaytirishga ko‘maklashish doirasida qiymati 1 million yevro bo‘lgan dasturni amalga oshirmoqda. Ushbu dastur asosida “Yuksalish” umummilliy harakatining “O‘zbekistonning chekka qishloq hududlarida pandemiya sharoitida qarorlar qabul qilishda ehtiyojmand aholi qatlami ishtirokini oshirish” loyihasi uchun 400 ming Yevroga yaqin miqdorda mablag‘ ajratilgan. Loyihaga ko‘ra, Andijon, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarining oltita olis tumanlardagi 12 ta mahallaning infratuzilmasini yaxshilashga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan. Yurtimizdagi nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi loyihalar mavjud muammolarni bartaraf etishga, aholi turmush farovonligini yaxshilashga yordam bermoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA