Aholi salomatligi doimiy e’tiborda
Ijtimoiy himoyaga muhtoj, “kambag‘allik reyestri”ga kiritilgan aholi orasida kasalliklarni barvaqt aniqlash va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan “Sog‘lomlashtirish oyligi” Namangan viloyatida ham izchil tarzda amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Davlatobod tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli sog‘liqni saqlash maskanlari xodimlari oylik doirasida uyma-uy yurib, odamlarni sog‘lom hayot sari undamoqda. Ayniqsa, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida, mahallalar guzarlarida, bemorlar xonadonlarida sog‘lomlashtirish tadbirlari davom etmoqda.

Nargiza Tursunova boshchiligidagi 8-son oila poliklinika mutaxassislari Yuqori Rovuston mahallasi bo‘ylab targ‘ibot tadbirlari jarayonida anchadan beri insultdan aziyat chekayotgan Nasibaxon Mamadaliyeva xonadonida ham bo‘ldi.

Onaxon tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgach, unda EKG va UZI tekshiruvlari ham olib borildi. Shifokorlar tomonidan onaxonni sog‘lomlashtirish maqsadida tuman markaziy shifoxonasida imtiyozli davolash chorasi ko‘rildi.
Poliklinika joylashgan hududda 315 nafar kam ta’minlanganlar istiqomat qiladi. Xayrli aksiya doirasida ular chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Kasalligi aniqlangan fuqarolar salomatligini tiklash choralari ko‘rilmoqda.

“Sog‘lomlashtirish oyligi” davomida Davlatobod tumanida 53 mingdan ortiq ehtiyojmand insonlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikka jalb etiladi. Shuning barobarida, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish maqsadida qator tadbirlar uyushtiriladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA