Aholi qo‘shimcha elektr energiya bilan ta’minlanadi
So‘nggi yillarda quyosh fotoelektr stansiyalarining barpo etilishi aholining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qoplamoqda. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligi va sifatini nazorat qilishda mas’ullardan bo‘lgan Bojxona qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot ishlari esa, ijobiy natijalar ko‘rsatmoqda.
Xususan, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mas’ul xodimlaridan tarkib topgan ishchi guruh vakillari hududlar kesimida muqobil elektr energiya manbalaridan keng foydalanish va mazkur yo‘nalishda korxonalarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida o‘rganishlar olib bormoqda.

Shunday uchrashuvlardan biri Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Olot tumanidagi 648 gektar yer maydonida barpo etilayotgan quyosh elektr stansiyasida bo‘lib o‘tdi.
Unda quyosh elektr panellarini o‘rnatish va foydalanish bilan bog‘liq barcha masalalarga e’tibor qaratildi. Hozirda qurilish-montaj ishlari jadallik bilan olib borilayotgan mazkur stansiyaga xorijdan keltirilgan ehtiyot qismlar uchun 7 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar taqdim etilgan va bojxona rasmiylashtiruv jarayonlari qisqa fursatda amalga oshirilgan.

Ma’lumot uchun, 250 MVt quvvatdagi quyosh elektr stansiyasining loyiha qiymati 273 million dollarni va uning yillik ishlab chiqarish quvvati 635 million kVt/s ni tashkil etadi. Muqobil elektr energiya stansiyasi negizida 300 ming xonadon qo‘shimcha elektr energiya bilan ta’minlanishi kutilmoqda.

Eng muhimi mazkur stansiya ishga tushirilishi natijasida, elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun tabiiy gaz sarfi yiliga 270 million kub metrga tejaladi hamda karbonat angidrid chiqindilarining 250 ming tonnagacha kamayishiga erishiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.