Aholi pullik yoʻlni qanday qabul qiladi?
Yurtimizda “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi yangi qonun qabul qilindi.
Yurtimizda “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi yangi qonun qabul qilindi. Bu esa Oʻzbekistonning sarmoyaviy jozibadorligini oshirib, xorijiy investorlar uchun yangi investitsion bozorlarni kashf qilishda qoʻl keladi.
Ayni vaqtda Jahon banki hamda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi vakillari yoʻl-transport sohasidagi yangi loyihani muhokama qildi.
– Biz “Toshkent–Andijon” pullik yoʻli qurilishi borasidagi loyihani ishga tushirish uchun zarur boʻladigan maʼlumotlar, izlanishlar, tahlillar hamda qoʻllash mumkin boʻlgan davlat-xususiy sheriklik shakllari haqida kelishib oldik, –deydi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori Gʻolib Xoljigitov. – Mazkur loyiha savdo-sotiq va turizmni rivojlantirishda juda muhim hisoblanadi.
Ayni vaqtda tunnel qurilguncha boʻlgan eski yoʻl tiklanadimi? Aholi yangi pullik yoʻlni qanday qabul qiladi? Uning atrof-muhitga, ekologiyaga taʼsiri qanday boʻladi? Yetarlicha avtomobillar qatnovi amalga oshadimi? Yoʻl texnik va iqtisodiy jihatdan oʻzini qoplaydimi, yoʻqmi? kabi bir qator savollarga javob izlanmoqda. Mazkur yoʻlning bir qismi Xalqaro transport yuk tashish xizmatiga ham taʼsir qiladi. Chunki, mavjud trassaning bir qismi Qirgʻizistonga oʻtib ketiladigan qismga ham tegishli boʻlgani uchun jiddiy oʻylab koʻrish kerak.
Bizning agentligimiz mazkur loyihani muofiqlashtirishda koʻmak beradi. Yilning oxiriga qadar Jahon banki ekspertlari bilan hamkorlikda 5-6 loyihani ishlab chiqadi.
Nega Jahon banki tanlandi desangiz? Ular hozirga qadar Turkiya, Indoneziya kabi davlatlarda ana shunday pullik yoʻllarni qurishgan. Bu pullar oddiy yoʻllarga nisbatan vaqtni kamida 1-2 soat tejashi kerak. Agar bir xil boʻlsa, uni nimasi pullik boʻladi. Bu yoʻllarda tijorat transportiga boshqa tarif, aholi trasportiga boshqa narx qoʻllaniladi. Shuning uchun xalqaro ekspertlar bir yil davomida yoʻlga kamera qoʻyib, qancha mashina yoki avtobuslar oʻtayotganini oʻrganmoqchi. Kelgusida ham yoʻllarga avtomatik boshqariladigan kameralar qoʻyiladi. Ularda inson omili ishtirok etmaydi.
Jahon tajribasida bir kilometr yuqori sifatli yoʻlni qurishga bir million dollarga yaqin mablagʻ sarf etiladi. Albatta, bu dastlabki hisob -kitoblarimiz. Uni qurishda ishtirok etadigan xususiy tadbirkorlar bilan 49 yilgacha muddatga shartnoma tuziladi. Shu yillar davomida davlatning xususiy mazkur xarajatlarni qoplashi turgan gap.
Rejaga koʻra, “Toshkent–Andijon” pullik yoʻli qurilishi boʻyicha 2019 yilning iyun oyida Jahon banki bilan konsultatsiya xizmatini koʻrsatish boʻyicha bitim tuzish koʻzda tutilgan. Qurilish tenderi gʻolibini eʼlon qilish va u bilan bitim tuzish muddati 2020 yilning dekabr oyiga moʻljallangan. Mazkur loyiha 2021 yilning avgust oyida boshlanishi rejalashtirilmoqda.