Aholi murojaatlari – mutasaddilar e’tiborida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi va Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonalariga joriy yilning birinchi choragida 31842 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisabatan 5804 taga kamaygan.
Davlat organlari va mansabdorlarga murojaat qilish – fuqaroning konstitutsion huquqi. Lekin u hamma vaqt ham biror idora eshigini qoqib bormaydi. Qachonki biror masalasi hal bo‘lmasa, haq-huquqidan foydalana olmasa yoki nohaqlikka duch kelsa, mutasaddi idora yoki rahbarga murojaat qiladi. Ana shunday vaziyatda uni eshitishsa, muammosi hal etilsa, davlatga ham, amaldorlarga ham ishonchi ortadi.
Keyingi yillarda yurtimizda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimining o‘zgarishi, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan tamoyil hayotga tatbiq etilishi aholining boshqaruv organlariga, rahbarlarga ishonchi ortishiga xizmat qilmoqda.
– Samarqandliklarning birinchi chorakda davlatdan najot kutib qilgan murojaatlari tahlil qilinganda eng ko‘p ko‘tarilgan masalalar elektr energiyasi (3324 ta) va gaz ta’minoti (2759 ta), sud qarorlarini ijro etish, aliment va qarz undirish (2851 ta), davlat pensiya ta’minoti va ijtimoiy himoya (2883 ta), jinoyat va huquqbuzarliklar (2152 ta), moddiy yordam va homiylik (1497 ta) masalalari bilan bog‘liq bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Mamatjon Turdiyev. – Aholi soniga nisbatan Paxtachi va Payariq tumanlarida murojaatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan oshgan. Murojaatlarni qanoatlantirish darajasi qariyb 71 fozni tashkil etmoqda, ya’ni 17900 ga yaqin masala hal etildi.

Misol uchun, Samarqand shahar Do‘stlik mahallasida yashovchi O.Jo‘rayevaning ichimlik suvi tortish haqidagi, Chashma mahallasidan B.Mo‘minovaning nogironlik aravachasi olishda amaliy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi murojaati joyiga chiqgan holda o‘rganilib, ijobiy hal etildi.
“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Temir daftar”da ro‘yxatda turgan 12 nafar kam ta’minlangan, nogironligi bor fuqaroning davolanishi uchun moddiy yordam ko‘rsatildi, 47 nafar fuqaroga 1 million 200 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam berildi. 28 nafar fuqaroga 11 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
“Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan 2 nafar talabaning oliy o‘quv yurtlaridagi to‘lov shartnoma puli to‘lab berildi, 2 nafarining bandligini ta’minlash maqsadida asbob-uskuna ajratildi. Bu kabi ishlar barcha tuman va shaharlardagi Xalq qabulxonalari tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Xalq bilan muloqot tizimini yanada takomillashtirish, aholi uchun dolzarb bo‘lgan muammolarni tezkor hal etish maqsadida vazirlik, idoralar, sektorlar, shahar va tumanlardagi barcha darajadagi tashkilotlar rahbarlari tomonidan ommaviy sayyor qabullar ham muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Yilning birinchi choragi davomida viloyat bo‘yicha 741 marotaba o‘tkazilgan shunday ommaviy qabullarda 7200 nafardan fuqaroning 7514 ta masala bo‘yicha murojaati eshitildi. Bu murojaatlarning 3171 tasi ijobiy hal etilgan. 1794 ta murojaat qo‘shimcha o‘rganish talab etilganligi sababli nazoratga olingan.
Jumladan, Qo‘shrabot tumani 3-sektor rahbarining Qovunchi mahallasida o‘tkazgan sayyor qabulida fuqaro X.Qulmatovaning elektr simyog‘ochlarni almashtirish va tarmoqni yangilab berishga doir masalasi tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan qisqa fursatda ijobiy hal etildi.
– Aholining murojaatlari asosida ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyat hokimligi, xalq qabulxonalari, sektorlar va homiylar yordamida 53 ta xonadon yangidan qurib berildi, 1706 ta xonadon ta’mirlandi, 572 ta xonadonga qurilish materiallari ajratildi, – deya so‘zida davom etadi M.Turdiyev. – Buning uchun mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha daromadlari hisobidan 5,5 milliard so‘m va homiylar yordamida 19,7 mlilliard so‘m mablag‘ sarflandi. 1229 tasida ishlar davom ettirilmoqda. Bundan tashqari, davolanish va jarrohlik amaliyoti o‘tkazish zarurati bo‘lgan kam ta’minlangan 158 nafar fuqaro uchun mahalliy byudjetdan 2,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 26 ta endoprotezlash, 11 ta yurak operatsiyasi, 7 ta ko‘z operatsiyasi, 1 nafar fuqaroda buyrak ko‘chirish operatsiyasi va 113 ta turli darajadagi tibbiy amaliyotlar bajarildi. Hozirda yana 304 nafar bemorning salomatligini tiklash uchun mablag‘ ajratish choralari ko‘rilmoqda.
Shu yilning fevral oyida Ishtixon tumanida “Oqqo‘rg‘on” tajribasi asosida aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini o‘rganish hamda hal etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida 62 mahallada keng ko‘lamli obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Qishloqlar infratuzilmasi yaxshilanib, ko‘plab muammolarga yechim topildi. Ishtixon namunasi bo‘yicha bu kabi ishlar viloyatdagi 172 ta mahallada davom etmoqda.
bugungi kunda Xalq qabulxonalari tomonidan sektorlar va tashkilotlar rahbarlari, hokim yordamchilari faoliyati, hududda murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga axborot kiritib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Yilning dastlabki choragida 29 ta shunday axborotlar kiritilib, 24 nafar rahbarning hisobotlari eshitilgan. Shuningdek, sektorlar va davlat tashkilotlarning aholi muammolari bilan ishlash faoliyati bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan 62 ta taqdimnoma va 69 ta takliflar kiritilgan. Ushbu hujjatlar asosida aholi murojaatlariga e’tiborsiz qaragan 94 nafar xodimga intizomiy chora ko‘rilgan.
G‘.HASANOV,
O‘zA