Aholi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanmoqda
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘limi mas’ullari Buxoro shahri “Mirzo Ulug‘bek” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Saida Norova xonadonida bo‘ldi. Mas’ullar bolalikdan nogironligi bo‘lgan nabiralari 2008 yilda tug‘ilgan Xosiyat Negmatova va 2010 yilda tug‘ilgan Asadbek Isomiddinovlar holidan xabar oldi. Ularga gigiyenik vositalar hamda 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
–Ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklari uchun avvalo Yurtboshimizga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, – deydi Saida Norova. – Nevaralarimni so‘rab kelganliklari uchun boshim osmonga yetdi. Ayniqsa, ularning xursandchiligini aytmaysizmi.

Mutasaddilar Mutal Burxonov mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 2-guruh nogironi Sur’at Kozimov va 1-guruh nogironi Dilfuza Kozimova xonadoniga ham borishdi. Shayxul-olam va Yoshlik mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi. Ularga 12 turdagi oziq-ovqat maxsulotlari va kiyim kechaklar berildi.

–Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, sabr-qanoat kabi fazilatlarni e’zozlash, bugungi tinch va farovon hayotimizni qadrlash, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilish, ahil va hamjihat bo‘lib yashashga da’vat etadigan targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Farhod Durbayev. – Bunday savob ishlar viloyatning barcha shahar va tumanlarda davom etmoqda. Birgina, viloyat fondi tomonidan 5 ta oilaga 2 million 500 ming so‘m miqdorida 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, gigiyenik vositalar va kiyim-kechaklar berildi.

Muborak ramazon oyida “Mahalla” xayriya jamoat fondining Vobkent tumani bo‘linmasi tashabbusi bilan “Do‘stlik” MFYda yashovchi 70 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalarga moddiy jihatdan ko‘mak berish maqsadida sahovatpesha tadbirkorlar ko‘magida 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari berildi.

Shuningdek, “Shirin”, “Qo‘qin”, “Kosari” va “Beshrabot” MFYlarida yashovchi og‘ir kasallikka chalingan 4 nafar fuqarolarga o‘z sog‘ligini tiklashi uchun homiylar tomonidan 800 ming so‘mdan pul mablag‘lari yetkazildi.
Zarif Komilov,
O‘zA