“Afsonalar vodiysi”da qo‘l jangi ustalari bellashadi
Yurtimizda yakka kurash sport turlarini rivojlantirishga alohida ahamiyat berib kelinmoqda. Bu, e’tibor natijasida sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda, jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlarida munosib yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.
Raqamlarga e’tibor qaratilsa, bundan ikki yil muqaddam mamlakatimizdagi mavjud sport seksiyalari va maktablarida yakka kurash sport turlari bilan 2 million 360 ming 539 nafar kishi shug‘ullangan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ular soni 2 million 478 ming 566 nafarni tashkil etmoqda.
Shug‘ullanuvchilar sonidagi o‘sish sur’ati no olimpiya sport turi bo‘lgan qo‘l jangi sportida ham aks etmoqdaki, ayni sport yo‘nalishidagi vakillarimizning xalqaro maydondagi natijalari, yutuqlari ilk mashg‘ulotlardan boshlanib, ichki chempionatlarda, birinchiliklarda maromiga yetmoqda.
Ma’lumki, joriy yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash, iste’dodli sportchilarni tayyorlash, yoshlarda harbiy vatanparvarlik xislatlarini kamolga yetkazish maqsadida Toshkent, Qarshi, Samarqand, Buxoro va Namangan viloyatlarida qo‘l jangi bo‘yicha xalqaro musobaqalar tashkil etish belgilangan. Shuningdek, qo‘l jangi sport turini har bir viloyatning bitta tumanida ustuvor sport turi sifatida belgilash lozimligi ta’kidlangan.
Shu maqsadda joriy yilning 23-24 iyul kunlari Namangan shahrining “Afsonalar vodiysi” amfiteatrida qo‘l jangi bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi” uchun professional sportchilar o‘rtasida xalqaro turnir tashkil etilmoqda.
Mazkur nufuzli musobaqani har tomonlama yuqori saviyada o‘tkazish borasida O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tizimli ishlarni olib bormoqda.
Xalqaro turnir dasturiga binoan ertaga, 23 iyul kuni Namanganda sportchilarni tarozidan o‘tkazish, mandat komissiyasining yig‘ilishi, hakamlar uchun seminar tashkil etiladi.
Musobaqani o‘tkazish tashkiliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, xalqaro turnir bellashuvlari 24 iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Unda ayollar o‘rtasida 48 kilogrammlilar bahsida hamyurtimiz Shirin Zohidova rossiyalik Viktoriya Mustayeva bilan, 50 kilogramm vaznli sportchilar o‘rtasidagi jangda hamyurtimiz Ma’suma Mo‘minova qozog‘istonlik Tomaris Jusupova bilan kurash olib boradi.
Xalqaro turnirning o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqalarda o‘zbekistonlik qo‘l jangi vakillaridan Husniddin Sattorov — Sergey Serpitovskiy (Belarus), Javohir Sobitov — Graf Filipp Vilxelm (Germaniya), Olim Normurodov — Ruslan Piraliyev (Ozarbayjon)ga qarshi bellashadi.
Xalqaro turnirning markaziy jangi hamyurtimiz Jahongir Jo‘mayev hamda Rossiya Federatsiyasi vakili Abubakir Radjabov o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA