Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya
19 oktyabr kuni Toshkent shahrida «Afg‘oniston: mintaqaviy bog‘liqlik, xavfsizlik va rivojlanish» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur forum joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan «Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish» mavzusidagi xalqaro konferensiyaning mantiqiy davomi sifatida tomonlarning Afg‘oniston rivojlanishi va xavfsizligini mustahkamlash borasidagi fikrlari mushtarak ekanini tasdiqladi.
Ushbu xalqaro konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tashkil etildi. Tadbirda Afg‘oniston, Pokiston, Eron, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston hamda O‘zbekiston xavfsizlik organlari va razvedka xizmatlari delegatsiyalari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning konferensiya qatnashchilariga yo‘llagan tabrik xatini Prezident maslahatchisi – Spichrayter Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi. Anjuman yakunida ishtirokchi davlatlar vakillari tomonidan o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha yo‘nalishlar va aniq vazifalar belgilandi.
Shuningdek, global hamda mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan terrorizmga qarshi birgalikda qat’iy kurashishga kelishib olindi.
O‘zA