Afg‘on urushi qatnashchilari diydorlashdi
Samarqand shahrida Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi hamda O‘zbekiston “Veteran” jangchi faxriy va nogironlari birlashmasi hamkorligida afg‘on urushi qatnashchilari ishtirokida insonparvarlik yordami aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlaridan kelgan hamda samarqandlik 120 nafar afg‘on urushi qatnashchisi dastlab Samarqand shahridagi Xotira maydonida bo‘lib, Motamsaro ona haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Shundan so‘ng afg‘on urushi qatnashchilarining diydorlashuvi bir piyola choy ustida davom etdi.
Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi harbiy attashe katta yordamchisi polkovnik A.Mashukov, O‘zbekiston “Veteran” jangchi faxriy va nogironlari birlashmasi rahbari T.Murodov afg‘on urushida sobiq ittifoq mamlakatlaridan minglab kishilar ishtirok etgani va ularning jasorati haqida gapirdi. Shuningdek, bu urushdan ko‘plab oilalar aziyat chekkani, ko‘plab mard yigitlar janglarda vafot etgani yodga olinib, ularning jasorati eslandi.

Tadbirda Rossiya Federatsiyasi tomonidan afg‘on urushi qatnashchilari va urushda halok bo‘lganlarning yaqinlariga 200 AQSH dollariga teng bir martalik insonparvarlik yordami topshirildi.
– Birinchi marta tashkil etilgan mintaqaviy uchrashuv tidbirida ko‘p vaqtdan buyon ko‘rmagan quroldosh do‘stlarimizni ko‘rdik, afg‘on zaminida halok bo‘lgan do‘stlarimizni xotirladik, – deydi Surxondaryo viloyatining Angor tumanidan kelgan Alimardon Boboniyozov.

– 1979-1980 yilda Afg‘onistonda bo‘lib qaytgach, hududimizdagi harbiy avtokolonnada 43 yil haydovchi bo‘lib ishladim va pensiyaga chiqdim. Xudoga shukr, bugun tinch-osoyishta hayot kechiryapmiz. Ushbu osoyishta kunlarimizga ko‘z tegmasin.
Tadbirda afg‘on urushida halok bo‘lgan bir guruh sobiq askarlarning oila a’zolariga tashakkur bildirildi va bir martalik pul mukofotlari berildi.





G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA