Afg‘on talabalari Termizda Bobur siymosini yaratdi
Termiz tumanidagi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Ta’lim markazi ma’muriyati, professor-o‘qituvchilar, tuman madaniyat bo‘limi xodimlari va talaba-yoshlar ishtirok etgan tadbirda buyuk sarkarda, shoh, shoir va yetuk qomusiy olimning hayoti, ijodi, boy ma’naviy merosi, sarkardalik san’ati xususida atroflicha so‘z yuritildi. Buyuk davlat arbobining jahon madaniyati, adabiyoti va she’riyatida qoldirgan bebaho merosi haqida fikr almashildi.

Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida o‘chmas nom qoldirdi. ”Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan o‘rin egalladi. Ul zotning nafis g‘azal va ruboiylari turkiy she’riyatining eng nodir durdonasiga aylandi. “Mubayyin” (“Bayon etilgan”), “Xatgi Boburiy”, “Harb ishi”, aruz haqidagi risolalari islom qonunshunosligi, she’riyat va til nazariyasi sohalarini rivojlantirishga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.

Kechada Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Afg‘onistonlik talaba-yoshlar shoir g‘azallari va ruboiylarini yoddan aytib, qiziqarli sahna ko‘rinishlarini namoyish etdi.
–Ulug‘ ajdodimiz tavallud topgan kunning muborak 540 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda buyuk davlat arbobi, sarkarda, olim va shoir rolini ijro etganimdan quvonchim cheksiz,–deydi afg‘onistonlik talaba Abdulg‘ofur Rahimiy.–Zahiriddin Muhammad Bobur ko‘p qirrali shaxs bo‘lgan. O‘z zamonasida adolatparvar shoh, buyuk qomusiy olim va shoir sifatida dunyoda nom qozongan. Ana shunday ulug‘ zotlarning ajdodi bo‘lganimizdan haqli ravishda faxrlanishimiz kerak.

Tadbirda faol ishtirok etgan hamda xalqaro ilmiy konferensiyalarda ilmiy maqolalari bilan qatnashgan bir guruh afg‘on talabalari faxriy yorliq va sertifikat bilan taqdirlandi. Bobur g‘azallari bilan aytilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga bir olam quvonch ulashdi.
Surxondaryo viloyatidagi boshqa ta’lim muassasalarida ham Bobur tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlab uchrashuv, davra suhbati va boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yuksak saviyada o‘tkazilmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri