Adliya boshqarmasi: barcha murojaatlar nazoratda
Buxoro viloyati adliya boshqarmasi va tuman (shahar) adliya bo‘limlariga 2022 yilda 7 ming 422 ta ariza, shikoyat va takliflar kelib tushgan. Murojaatlarning 6 ming 962 tasi hal etilgan. 1 618 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan. 307 ta murojaat tegishligiga ko‘ra boshqa idora va tashkilotlarga yuborilgan.
Bu haqida Buxoro viloyati adliya boshqarmasida 2022 yil yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Viloyat adliya boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Toyirovning ta’kidlashicha, hisobot davrida O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident farmonlari, Hukumat qarorlari ijrosini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
O‘tkazilgan o‘rganishlar va murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qonun buzilishlarni bartaraf etish yuzasidan jami 2 196 ta taqdimnoma, ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan 629 ta taklif va 4 119 ta ogohnoma kiritilgan. Kiritilgan ta’sir choralari natijasida aybdor shaxslarning intizomiy, ma’muriy javobgarlikka tortilishi ta’minlangan.
[gallery-10404]
Viloyat adliya boshqarmasi va tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan 2022 yil davomida fuqarolar manfaatini ko‘zlab, ularning buzilgan qonuniy huquqlarini tiklash, moddiy va ma’naviy zararlarni undirish to‘g‘risida sudlarga kiritilgan 2 840 ta 45 milliard 624 million 248 ming 339 so‘mlik davo arizalari sudlar tomonidan qanoatlantirilgan.
2022 yil mobaynida adliya boshqarmasi va tuman (shahar) adliya bo‘limlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jami 373 ta qaror loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun kelib tushgan. Ularning 266 tasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan. 107 tasi esa belgilangan talablarga rioya qilinmay taqdim qilinganligi sababli qaytarilgan.
Bundan tashqari, huquqiy xizmatlar bo‘limi tomonidan 2022 yilda professional mediatorlar reyestriga kirish istagini bildirib viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qilgan talabgorlarning masalasi ijobiy hal etilgan.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan 45 ming 134 ta tug‘ilish, 16 ming 208 ta nikohni qayd etish, 2 ming 586 ta nikohdan ajraganlik, 9 ming 376 ta o‘lim qayd etilgan. Boshqarma tomonidan 1 ming 191 ta normativ huquqiy-hujjat tegishliligiga ko‘ra elektron shaklda yetkazilishi ta’minlangan.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob berildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA