Adliya bo‘limi tadbirkor manfaatini himoya qildi
«Narmax lider quruvchi» mas’uliyati cheklangan jamiyati va «Xovos tuman yo‘llardan foydalanish» unitar korxonasi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, Jamiyat yuk tashish xizmatlarini ko‘rsatishi, unitar korxona esa ko‘rsatilgan xizmatlar uchun o‘z vaqtida to‘lov amalga oshirishi kerak edi. Shartnoma qiymati 788 500 000 so‘mni tashkil qilgan.
Ammo amalda shartnoma shartlariga to‘liq rioya qilinmadi. MCHJ o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rsatilgan xizmatlar uchun unitar korxona tomonidan faqatgina 236 550 550 so‘m miqdorida avans to‘lovi amalga oshirilgan, qolgan mablag‘ esa belgilangan muddatda to‘lanmagan.
«Narmax lider quruvchi» MCHJning murojaati asosida Xovos tuman adliya bo‘limi tomonidan mazkur masala o‘rganib chiqildi va mavjud huquqbuzarlik holati qayd etildi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi va tegishli qonun normalariga asosan, shartnoma majburiyatlari belgilangan tartibda bajarilishi shart. Shuningdek, to‘lov kechiktirilgan har bir kun uchun penya undirilishi ham belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan, Xovos tuman adliya bo‘limi tomonidan tadbirkor manfaatini himoya qilish maqsadida Boyovut tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi. Sud tomonidan da’vo to‘liq qanoatlantirildi. Sud hal qiluv qaroriga ko‘ra, «Xovos tuman yo‘llardan foydalanish» davlat muassasasi hisobidan «Narmax lider quruvchi» MCHJ foydasiga 551 297 370 so‘m asosiy qarz, 5 000 000 so‘m penya va 11 392 008 so‘m davlat boji undirilishi belgilandi.
Bu holat tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlari davlat tomonidan kafolatlanganini yana bir bor tasdiqlaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri