“Adiblar xiyoboni” kitob-albomi chop etildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Prezident tashabbusi asosida nashr etilgan “Adiblar xiyoboni” kitob-albomining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va boshqalar milliy adabiyot rivoji yo‘lidagi e’tibor o‘zining natijadorligi bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.
Poytaxtimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida barpo etilgan “Adiblar xiyoboni” o‘ziga xos madaniy-ma’rifiy maskandir. Yozuvchilar uyushmasi va unga tutash bo‘lgan muazzam xiyobon adabiyot, ma’naviyat va ma’rifatning betakror bo‘stoniga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bu xiyobon 2020 yil 20 may kuni Prezident tomonidan ochib berildi.
Sakkiz gektarli ushbu maskanda Bobur, Ogahiy, Berdaq, Muqimiy, Furqat, Bexbudiy, Avloniy, Cho‘lpon, Qodiriy, To‘lepbergen Qayipbergenov, Ibroyim Yusupov, Aleksandr Faynberg singari atoqli namoyondalar xotirasiga bag‘ishlangan yangi yodgorlik majmualari ham yaratildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etilgan “Adiblar xiyoboni” kitob-albomi yurtimizdagi adabiyotga, ma’naviyatga bo‘lgan e’tibor haqida so‘zlaydi. Kitob-albomda bugun mamlakatimizdagi adabiy-ma’rifiy jarayonlar bilan birga atoqli shoir va yozuvchilarning hayoti, faoliyati, ijodi haqida taniqli ijodkorlar, ularning xotiralari o‘rin olgan. Shu bilan birga xiyobonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar, ma’rifiy tadbirlardan suratli foto-reportajlar ham keltirilgan.
Ushbu kitob-albomni tayyorlashda bir guruh ijodkorlar ishtirok etdi. Loyihaga O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid rahbarlik qildi. Mas’ul muharrirlar G‘ofur Shermuxammad, Nodir Jonuzoq. Muxarrirlar – Aziz Said, Muxiddin Abdusamad. Shuningdek, G‘ayrat Majid, Botir Ergashev, Saidg‘ani Nasriddinov, Sherzod Irzoyev, Rustam Musurmon, Risolat Haydarova, Nurilla Choriyev, Fozil Jabborov, Zulayho Ahmadjonova, Nodir Suvonov kabi ijodkorlar albomning yanada boyitishga o‘z hissasini qo‘shdi. Ushbu kitob-albom “Adabiyot” nashriyotida 1000 nusxada chop etildi.
N.Usmonova, O‘zA