Adham Ergashev – jahon chempionati sovrindori
Polshaning Vrotslav shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida davom etayotgan jahon chempionatida hamyurtimiz Adham Ergashev uchta kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Polshaning Vrotslav shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida davom etayotgan jahon chempionatida hamyurtimiz Adham Ergashev uchta kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida sportchilarimizning Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan og‘ir atletika bo‘yicha erishayotgan natijalar salmog‘i ham yildan-yilga ortib bormoqda. O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan ushbu sport turini yurtimizning barcha hududlarida rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralash va ularni terma jamoalarga jalb etish, sportchi va murabbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Buning natijasida o‘zbek og‘ir atletika maktabi vakillari nufuzli musobaqalarda muntazam yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Jumladan, ikki yil avval aynan Vrotslav shahri mezbonlik qilgan og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida tajribali polvonlarimiz – Ruslan Nurudinov va Ulug‘bek Alimov g‘alabalari munosabati bilan Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangragan edi. O‘sha jahon chempionatida Ruslan Nurudinov oltin, Ulug‘bek Alimov esa kumush va bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Bu galgi o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati ham sportchilarimiz uchun omadli boshlandi. Terma jamoamiz a’zosi, 2014-yili Xitoyning Nankin shahrida bo‘lib o‘tgan II o‘smirlar Olimpiadasida bronza medali sovrindori bo‘lgan Adham Ergashev uchta kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Vazni 63 kilogrammgacha bo‘lgan atletlar bahsida qatnashgan o‘n olti yoshli iqtidorli sportchimiz shtangani dast ko‘tarishda 124 kilogramm, siltab ko‘tarishda 151 kilogramm, ikkikurash bo‘yicha 275 kilogramm natija ko‘rsatib, yurtimizda iste’dod va salohiyat bobida hech kimdan kam bo‘lmagan avlod voyaga yetayotganini butun dunyoga yana bir karra namoyon etdi.