Adashmay yashash uchun yana bir imkoniyat
Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalari va probatsiya organlarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 402 nafar shaxs afv etildi.
Davlatimizning bag‘rikenglik, kechirimlilik,insonparvarlik fazilatlaridan bahramand bo‘lganlar orasida o‘nga yaqin surxondaryolik mahkum va mahkuma ham bor. Ularning 5 nafari asosiy jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod etildi. Ikki nafarining o‘talmagan jazosi 1/2 qismiga, ikki nafariniki 1/3 qismiga qisqartirildi.
Sariosiyo tumanida yashagan Mamlakat Babayeva oltmish yosh ostonasida o‘ta qaltis jinoyatga qo‘l urgan. 2015 yil O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 157-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. U tayinlangan jazoning yetti yilini panjara ortida o‘tkazgach, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘ldi. Qatiy tuzalish yo‘liga o‘tdi. Davlatimiz rahbari farmoni bilan asosiy jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod etildi.
Denovlik Mo‘’tabar Meligaliyeva ham asosiy jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. O‘tgan yili u Jinoyat kodeksining 135-moddasi 1-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Jazo muddatining bir yilu olti oyini o‘tagach, qilmishlari afv etildi. Yaqinlari bag‘riga qaytdi.
–Kech bo‘lsada sodir etgan qilmishimdan juda pushaymon bo‘ldim, – deydi M.Meligaliyeva.– Bu jazo menga ozodlikda turmush kechirib, halol yashashning katta boylik ekanini chuqur anglashim uchun yetarli saboq bo‘ldi. Endi jamiyatga nafi tegadigan ishlar bilan shug‘ullanib, farzandlarimni yurtga munosib insonlar etib tarbiyalashga intilaman. Kechirimli va bag‘rikeng xalqimiz orasida adashmay yashayman.
Ikki yil muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi va 251-1-moddasi 1-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan denov tumanilik Olim Muratov, shu tumanda yashab, Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyati uchun o‘tgan yil dekabr oyida 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Sherali Kenjayev, o‘tgan yili Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismida belgilangan jinoyatni sodir etishda ayblanib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Hasan Karvanovlar ham asosiy jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod etildi.
Ayni paytda afv etilgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, bandligini taminlash, hayotda o‘z o‘rnini topib, jamiyatga moslashishi uchun tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA