Adabiyot – xalqlarni birlashtiruvchi ma’naviy ko‘prik
Shu kunlarda poytaxtimiz va Toshkent viloyatida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston va Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmalari hamda Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi hamkorligida “Turkiy dunyo ma’naviy merosi: adabiyot – davrlar va avlodlar muloqoti” forumi o‘tkazilmoqda.
Mazkur anjuman ikki qardosh xalq yozuvchi, shoir, adabiyotshunos, tarjimon va olimlari, davlat tuzilmalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillarini umumiy tarixiy, adabiy va ma’naviy qadriyatlar atrofida birlashtiruvchi yangi madaniy-gumanitar maydonga aylanishi kutilyapti.
Forum dasturiga ko‘ra, joriy yil 2-sentabr kuni davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Qoramanas qishlog‘ida joylashgan 34-sonli maktabga atoqli qozoq yozuvchisi, dramaturg, tarjimon va jamoat arbobi Rahmatulla Rayimqulov nomi berilishi munosabati bilan mazkur o‘quv maskanida yangi o‘quv yili tantanali ravishda ochildi.
Tadbirda O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat idoralari, diplomatik korpus vakillari, Yozuvchilar uyushmalari rahbarlari, davlat va jamoat arboblari hamda taniqli ijodkorlar ishtirok etdi.
Dastavval Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bilimlar kuni munosabati bilan xalqimiz, pedagoglar jamoatchiligi va aziz yoshlarimizga yo‘llagan tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi – Spichrayter Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, beg‘ubor nigohlarida hayrat va hayajon uchquni porlab, ilm maskani ostonasiga qadam qo‘yayotgan 800 000 ga yaqin birinchi sinf o‘quvchisi diyorimizning kelajakdagi nurli istiqbolidir. Bu raqam shunchaki statistika emas, balki har yili jamiyatimizga kirib kelayotgan ulkan kuch, aqliy salohiyat va yangi quvvatdir.
Shuningdek, uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Malik Otarbayev, O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova, qo‘shni davlatning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerali Tugjanov ham so‘zga chiqib, yangi o‘quv yili boshlanishi, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, ikki qardosh el o‘rtasidagi adabiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash borasida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekiston – Qozog‘iston sherikligi barcha sohalar qatori madaniyat, adabiyot va ta’lim yo‘nalishlarida ham izchil rivojlanmoqda. Ayniqsa, xalqlarimizning mushtarak tarixiy ildizi, tili, adabiyoti va ma’naviy qadriyatlari avlodlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bo‘stonliq tumanidagi 34-sonli maktabga Rahmatulla Rayimqulov nomi berilishi ham ana shu mushtarak ma’naviy merosga yuksak ehtirom ifodasidir. Adibning serqirra ijodiy faoliyati, o‘zbek va qozoq adabiyoti o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi bugungi yosh avlod uchun ibrat maktabidir.
– Turkiy xalqlarning tili, dini va madaniyati bir, – dedi Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti, marhum adib Rahmatulla Rayimqulovning qizi, professor Aqto‘ti Rayimqulova. – Bizning mushtarak ildizlarimiz asrlar davomida shakllangan ulkan ma’naviy xazinadir. Shu boy merosni asrab-avaylab, keyingi avlodlarga yetkazish uchun munosib tarzda saqlash barchamizning umumiy vazifamizdir. Bugun otamning nomi O‘zbekistondagi maktablardan biriga berilib, uning xotirasi e’zozlanayotgani men uchun, avvalo, katta sharaf. Bu nafaqat oilamiz, balki ikki yurt adabiy jamoatchiligi uchun ham quvonchli voqea. Zero, Rahmatulla Rayimqulov butun umri, ijodiy faoliyati davomida xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va ma’naviy yaqinlikni mustahkamlashga intildi. Ayniqsa, ushbu voqea yangi o‘quv yili boshlangan kuni, yosh avlod ta’lim oladigan maskanda amalga oshirilayotgani ramziy ma’noga ega. Maktab – bilim va tarbiya maskani. Adib nomi shunday ulug‘ dargohga berilishi yoshlarni uning ijodiy merosiga yanada yaqinlashtiradi. Otamning nomi va ijodiy merosi O‘zbekistonda yuksak qadrlanayotgani oilamiz a’zolariga mislsiz quvonch baxsh etadi. Bunday e’tibor va ehtirom uchun O‘zbekiston xalqiga, davlat rahbariyatiga, tadbir tashkilotchilariga va barcha ijodkorlarga minnatdorlik bildiraman.
Tadbir doirasida maktab o‘quvchilari tomonidan namoyish etilgan adabiy-badiiy dasturda o‘zbek va qozoq xalqlarining boy adabiy merosi, milliy urf-odat va an’analari, buyuk siymolari ijodi aks ettirildi.
Kunning yana bir muhim voqeasi sifatida yangilangan maktab kutubxonasi va zamonaviy “koworking” maydon tantanali sur’atda ochildi. Rasmiy delegatlar ushbu ziyo maskani zaxirasini boyitish maqsadida maktab kutubxonaga kitoblar sovg‘a qilishdi. Shuningdek, ta’lim dargohiga ilk bor qadam qo‘ygan bolajonlarga Prezident sovg‘asi – o‘quv jihozlarini tantanali ravishda topshirishdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov Istiqlolimizning 35 yilligiga bag‘ishlab o‘quvchilar uchun mustaqillik darsi o‘tib berdi. Dars jarayonida ozod yurtimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, bugungi tinch va farovon hayotning qadri, yosh avlod zimmasidagi mas’uliyat haqida so‘z yuritildi. Yoshlarga mustaqillikning mazmun-mohiyati, milliy o‘zlikni anglash, Vatanga sadoqat va yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shish kabi ezgu tushunchalar ahamiyati uqtirildi.
Adabiyot va ma’naviyatning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rniga ham alohida e’tibor qaratildi. Zero, kitob va adabiyot insonni fikrlashga, o‘zligini anglashga, Vatan va xalq taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashga undaydi. Shu ma’noda, Rahmatulla Rayimqulov nomi berilgan maktabda berilgan Mustaqillik sabog‘i tadbirning mazmun-mohiyati bilan uyg‘unlashdi.
Shu tariqa, Bo‘stonliqning so‘lim Qoramanas qishlog‘ida joylashgan 34-sonli maktabdagi yangi o‘quv yili ochilishiga bag‘ishlangan an’anaviy tadbir adabiyot, ta’lim, ma’naviyat va xalqlar do‘stligi mavzularini jamlagan muhim madaniy voqeaga aylandi. Zero, adabiyotning kuchi ham shunda – vaqt va makon chegaralarini yengib, qalblarni birlashtiradi, avlodlarni bog‘laydi. Rahmatulla Rayimqulov nomi bilan atalgan maktabda ezgu an’ana yangi avlod vakillari tomonidan davom ettirilishi esa turkiy dunyo mushtarak ma’naviy merosi bardavomligidan dalolat.
[gallery-https://uza.uz/uz/collection/31225]
O‘tkir ALIMOV,
Nosirjon HAYDAROV (surat),
O‘zA