Adabiyot – ruhiyat alifbosi
Adabiyotshunos olim Bahodir Karim bilan suhbat
– O‘zbek romanchiligining asoschisi bo‘lmish Abdulla Qodiriy ijodini chuqur o‘rgangansiz. Ba’zan menga Qodiriy bilan boshlangan o‘zbek romanchiligi uning o‘zi bilan yakun topganday tuyuladi. Albatta, ko‘p romanlar yozildi, ular orasida yaxshilari ham bor, ammo hech biri “O‘tkan kunlar” kabi dovrug‘ qozonmadi. Siz buni qanday izohlaysiz?
– To‘g‘ri, Abdulla Qodiriy ijodi bilan chorak asrdan beri shug‘ullanib kelaman, “Qodiriy qadri”, “Abdulla Qodiriy va germenevtik tafakkur”, “O‘tkan kunlar” ibrati”, “Abdulla Qodiriy fenomeni” kabi bir nechta kitoblarim chop etildi. Turli avlodga mansub olimlar mengacha ham bu alloma adib asarlarini tadqiq etishdi. Kitoblar nashr qildirishdi. Qodiriyshunoslik tarixi bir asrdan oshdi. Bu ilmiy yo‘nalish tarixi markazida adibning siz aytgan “O‘tkan kunlar” romani turadi. Xalqimizning, o‘quvchilarning mehr-muhabbati boshqacha shu birinchi romanimizga. Nazarimda, Abdulla Qodiriy bu asarini chin yurakdan, biror ta’masiz mehr-muhabbat va ilhom bilan yozgan bo‘lsa kerakki, o‘qiganlarni o‘ziga rom etadi, ta’sirlantiradi, yig‘latadi, o‘ylantiradi. O‘z vaqtida romanni yod olgan muxlislar ham bor edi. Shukrkim, romanchiligimiz tarixida “O‘tkan kunlar” mavjud. Roman – fikr maydoni. Ayni asar vositasida milliy tarix va urf-odatlar, adib mahorati va o‘zbek tilining jozibasi, turli odamlarning taqdirlari, eng muhimi, inson qalbidagi bir durri bebaho – ishq-muhabbat kabi tushunchalar ustida mulohaza yuritiladi. O‘zbek romanining boshlanishi va tuganchini “O‘tkan kunlar”ga bog‘lab qo‘yilsa, biz o‘zimizdagi iste’dodlarni bir oz kamsitgan bo‘lamiz. Bu o‘tkinchi olamda odam bag‘rikenglik qilib, yo‘llarni kengroq olavergani ma’qul. Sababi – har qanday adib Yaratguvchi unga ato etgan poetik tafakkur imkoniyati, badiiy qobiliyatidan tashqarida ijod qila bilmaydi. Hozirgacha yozilgan o‘zbek romanlari soni besh yuzdan ortiq. Ular orasida dunyoga keliboq, o‘z umrini yashab tugatib qo‘yganlari, muallifi himoyasi yoki hukmron mafkura suyanchi bilan yashaganlari ham bor, afsus. Umarboqiy badiiy asarning umurtqa suyagi butun bo‘lishi lozim... Ayni damda o‘zbek adabiyoti xazinasidan o‘rin olishga munosib bir qancha romanlar borligini inkor etish “o‘zini yuvintirgan mag‘zavaga qo‘shib chaqaloqni ham uloqtirish” bo‘ladi. Romanlarning badiiyati, siri, sehri, jozibasi, qurilishi, qamrovi va shu kabi qator adabiy-nazariy unsurlarning darajalari turlicha. “O‘tkan kunlar” romanining umrboqiylik sabablari hozirgacha izohlandi va kelajakda yana sharhlanadi-izohlanadi. Ammo chin san’at namunasi bo‘lgan asarlarda doimo shu hol – talqinlar oxiriga yetmaydi. Kechirasiz-u, romanni o‘z zamonida tanqid qilganlar bor edi. Adib romanlaridan nuqson-kamchilik izlab yurganlar bugun ham topiladi. Bu ajablanarli holmas. “Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo, Kim neni izlasa, topar begumon”, deydi shoir. Abdulla Qodiriy romani jozibasiga ko‘ra izoh, tahlil va talqinlarga muxtojligi bilan o‘ziga xos betakror san’at hodisasi sanaladi. Romandan ta’sirlangan odam borki, maqolami, taassurotmi, bag‘ishlovmi yoki maktubmi – nimadir yozadi, albatta. Bunday adabiy hosilalar hajmi ham juda katta. Roman davrlar, davralar sinovi va avlodlar nazaridan o‘tdi. O‘quvchilar mehrini qozondi. Ana, lozim bo‘lsa, olis-yaqin dunyo xalqlari tillariga tarjima bo‘ldi va bu jarayon davom etmoqda. Dunyo adabiyotshunoslari orasida ham qodiriyshunoslar maydonga keldi. Yana nima kerak? Yuz yilki, har bir avlod “O‘tkan kunlar” romanidan o‘zlarining ehtiyojlariga munosib ma’naviy ozuqa topishdi. Bundan keyin ham nafaqat o‘zbek, balki dunyodagi ko‘plab ma’rifattalab adabiyot muhiblari romanni o‘qib, albatta, zavqlanishadi, deb o‘ylayman. Talqinlar ham yozishadi. Kechirasiz, garchand o‘zim qisqa gapirish va qisqa yozish tarafdori bo‘lsam ham, ayni mavzu o‘rtaga kelganida gapim tugashi qiyinlashadi...
– Bir paytlar ijodkorlar adabiy tanqidchilarning o‘tkir, talabchan nigohidan hayiqqani uchun ham so‘zga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishgan. Yangi yozgan asarini e’lon qilishdan oldin unga Abdulla Qahhorning yoki Norboy Xudoyberganovning ko‘zoynagi bilan boqib, qayta o‘qib chiqishgan. Bugun esa, sir emaski, ko‘pchilik adabiyotshunoslar faqat maqtov yog‘diradigan haybarakallachilardan juda oz farq qilayapti, onda-sondagina xaspo‘shlab yozilgan tanqidlarga ko‘zimiz tushadi, xolos. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz?
– Zamon evrildi. Dunyo xaritasidagi hududlar o‘zgardi. Badiiy ijod ahliga majburan mavzular taqsimlab berilgan va uning ustida yuritilgan adabiy siyosat karchalonlarining zug‘umlari davri tarixga aylandi. Istaysizmi-yo‘qmi, mustabid tuzum davri so‘z san’ati va uning nayzabardorlari ham ancha siyosiylashgan, qarashlar yagona bir maxrajga majburan jamlangan, sun’iy baynalmilalchilik avj olgan, barcha millatlarga ibrat bo‘lgan bitta ulug‘ xalq borligiga hamma ishontirilgan zamonlar edi. Ijodkor o‘z erki bilan yuragini yozishi deyarli imkonsiz edi. U zamonlarda qatiq ham puflab ichildi. Biz bu hodisalarga qisman bo‘lsa-da guvohmiz. Badiiy tafakkur shunday simbirg‘i-iskanja ichida qolgan davrlarda ham toshni yorib chiqqan maysadek noyob iste’dodlar, vijdonli va talabchan olimlar o‘z zimmasidagi ziyolilik burchini chin dildan bajardi. Yangi yozilgan asar e’lon qilish uchun bizda bir nechtagina vaqtli matbuot nashrlari bor edi. Yoshlar uchun alohida. Deylik, 80-yillar o‘rtalaridan boshlab “Yoshlik” jurnalida yosh ijodkorning biror sahifa she’ri yoki biror hikoyasining nashr bo‘lishi – bu katta bayram edi. Davralarda gapirilib, muhokamalar qilinib, bahosi berilar edi. Agar jinday kamchiligi bo‘lsa, ayni asarlar kitoblarga kiritilganida o‘sha nuqsonlar imkoni boricha tuzatilar edi. Bir necha o‘n yillar narida so‘zga talabchanlik bilan yondashuv, matn ustida ishlash, tahrirda chinakam ustoz-shogirdlik, oliy ta’limdagi tahsildan tashqari nimalarnidir o‘rganish va o‘rgatish jarayonlari mavjud edi. Shunday saboqlarni, to‘g‘risi, men ham olganman. Yaqinda 90-yillardagi arxiv manbalarim orasidan “O‘zAS”da bosilgan bir maqolamning, rahmatlik, Mahmud Sa’diy men bilan yonma-yon o‘tirib tahrir qilgan nusxasi chiqib qoldi. Hozirgi gaplarim ham shuning ta’siridan bo‘lsa kerak. Bugun so‘z ustida, adabiy mant ustida ishlash qoniqarli emas. Bugun yozadi va darhol o‘z shaxsiy-adabiy o‘zan(kanal)iga joylaydi. Kimning qo‘lida o‘ron(parol)i bo‘lsa, o‘sha adabiy makonga kirib mutolaa qiladi. Biror jumla munosabat yozadi yoki alomat-belgi ilovasi bilan cheklanadi. Badiiy adabiyotning holi va adabiy tanqid istiqboli shu kabi yangi zamon hodisalariga ham bog‘liq...
Munaqqid sifatida Norboy Xudoyberganovni eslab, yaxshi qildingiz. Bu olim ayovsiz, kechirasiz, talabchan bo‘lgani, birovning yuzi-ko‘ziga qaramay o‘z haqiqatlarini aytgani – bu bor gap. Har holda, ko‘pchilikda shunday tasavvur shakllangan. Domla bizga universitetda adabiy tanqid tarixidan ta’lim berdi. Bizga ko‘p yaxshiliklar qildi. Ammo domla aynan shartkesarligi bois ko‘pchilikka yoqmadi. Tanqid eshitgan adib, tabiiy xafa bo‘ladi, unga zimdan kuyikib yurgan boshqa bir qirg‘oqdagi adib “raqibi” tanqididan mamnun bo‘ladi va munaqqidni qarsaklarga ko‘madi.
To‘g‘risi, bugun o‘zini munaqqid ataydigan va kelgusida shu soha bilan mashg‘ul bo‘lishni o‘z oldiga qat’iy maqsad qilib qo‘ygan yoshlarni topish juda qiyin ish. Nimaga? Tanqid hech kimga yoqmaydi. Ikkinchidan, tanqidchi degani bu tinimsiz toshday so‘zbo‘ronlar yog‘dirib, nayzabardorlik bilan ijod ahliga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi, aql o‘rgatadi, degani emas. Adabiy tanqid – juda muhim ijod. Bunda estetik did, tahlil, baho berish, badiiy asarning go‘zalligini ko‘rsatish yetakchi o‘rinda turadi. Badiiy va ilmiy-nazariy asarlarning jiddiy mutolaasi, muhokamalari, sintez va analizlari ortidan munaqqidning adabiy-nazariy mezonlari shakllanadi. Agar bugun ko‘pchilikning adabiy tanqidchilikdan ko‘ngli to‘lmayotgan ekan, demak, shakllanishda nuqson, kemtik bor. Badiiy ijod ahli yozish bilan andarmon. O‘quvchi o‘qiyotgan bo‘lsa, nur ustiga nur. Yozilgan asar zo‘r, ajoyib, har tomondan ibratli. Aynan shuni o‘quvchi o‘qimasa-chi? “O‘qinglar, azizlarim”, deb aytish ham adabiy tanqidning bir vazifasi.
Siz savolda adabiy jarayon xodimlarini munaqqid yoki tanqidchi deb atamasdan adabiyotshunos demoqdasiz. Adabiyotshunos deyish tanqidchi deganga nisbatan jinday yumshoq, nafosatliga o‘xshab ko‘rinadi. Ha, adabiyotshunos olimlarning ko‘pchiligi maqtov yozadi. Buni men ham bilaman. Bunda ham ba’zan xolis adabiy xizmatdan ko‘ra “ijodkor tanishining ko‘ngliga qarash” yoki qandaydir bir manfaat bor. Shaxsiy, mahalliy, moddiy manfaatlar kuchaygan muhitda badiiy adabiyotning sho‘ri quriydi. Adabiy jarayon uchun hodisaga arzimaydigan kimdir yozgan darak gaplaridan iborat inshosi uchun adabiyotshunosning tahlili yoki taqrizi birov tushunmaydigan jimjimador, qandaydir ajnabiy atamalar bilan bezatilib, qanchalar osmonu falakka ko‘tarilmasin, mavsumiy qor-yomg‘irlardan keyin chang-to‘zon bosiladi. Loyqalangan suv ham tinib, tinchib qoladi. XX asr adabiyotida bunga misollar ko‘p.
– Yurakdan chiqqan so‘z yurakkacha yetib boradi, deydilar. Fikr, dard xuddi yiringli yaraday ruhni yorib chiqib so‘zga aylansa, aytmaganingga, yozmaganingga qo‘ymasagina qo‘lga qalam olish kerakday. Boshqacharoq ifoda etsam, ijodkor ichidagi dardlar, fikrlar, so‘zlar bo‘ronidan xalos bo‘lish, jon saqlash uchun yozishi kerakday. Buyurtma maqolalar, so‘zboshilar, so‘ngso‘zlar haqida nima deysiz?
– Qani shu pokiza, orasta, xolis, jo‘shqin, haqgo‘y ijodkor yurak? Qani?! Yozish dardi, yozish vaqti, yozish psixologiyasi – adabiyotshunoslikdagi alohida va juda muhim mavzu. Men dunyoga mashhur faylasuf adabiyotshunos Igor Garinning ikki jildlik “Shoirlar va elchilar” kitobini yaxshi ko‘raman. Adabiyotshunoslar o‘rganib qolgan an’anaviy qoliplardan xoli, g‘alati, nisbatan murakkab bir uslubda yozilgan kitob. So‘zboshisi aynan “Qanday yozmoq kerak?” deb nomlanadi. Yozishning juda ko‘p qirralarini, juda ko‘p sifatlari, fazilatlari, mashaqqatlari, usullari, iztiroblari bayonidan keyin, siz aytganday “Yozmasdan iloj qolmagan pallada yozmoq kerak”, degan bir gapni qo‘shimcha qiladi u. Badiiy ijodning tabiati juda murakkab, tayyor bosmaqolip-steriotiplarga tushmaydi. Har ijodkor alohida ma’naviy mamlakatda istiqomat qiladi. Ijod jarayoni har kimda turlicha kechadi. Ijod jarayoni, maqsadlari, rejalari, niyatlari ijrosi o‘zaro mos kelmagan ijodkorlar bir-birini ko‘pincha yoqtirmaydi, ba’zan tanqid ham qiladi. Go‘yo bu hasadga o‘xshaydi, aslida ularning estetik didlari, dunyoqarashlari, voqelikni qabul qilishlari turlicha bo‘ladi... Ha, I.Gyotening o‘z e’tirofiga ko‘ra “Yosh Verterning iztiroblari” asarini aynan tirik qolish uchun yozgan edi. Iztirob, dard, ichki tug‘yon, quvonch, alam va yana siz bilan biz nomlarini bilmaydagan bir qancha sirli his-tuyg‘u, gizli kechinmalar borki, badiiy ijod ahli gohida nima qilayotganini o‘zlari ham bilmay qoladi. Bunday telbavor-davreshsifatlikda latofat ham yo‘q emas. O‘zlari qanday yumush bilan mashg‘ul bo‘lib yurgan, ijodidan kimga foyda-kimga zararli ekanini juda yaxshi biladigan alloma adiblar ham bor... Umrini yelga sovurib yurgan iddaogo‘ylari qancha...
Badiiy ijod g‘alati hodisa. Uni haq so‘z, ko‘rkam so‘z dardiga mubtalo bo‘lganlar biladi, anglaydi, sezadi.
Endi siz aytgan adabiy maqolalar, so‘zboshilar va so‘ngso‘zlar badiiy ijodga nisbatan alohida voqelik. Badiiy ijodda ta’sirli, ma’nili maxsus adabiy matn so‘zdan bunyod bo‘ladi. Maqolanavis, so‘ngso‘zchi shu matn qamrovida, ba’zan ustida ishlaydi. Uning qo‘lida aniq yozma manba bo‘ladi. Bu yozma manbaning badiiy xususiyatlari, g‘oyaviy maqsadi, yozuvchining mahorat qirralari imkon qadar bayon etilishi kerak. Aslida siz aytgan bu maqolalar ham ijodkorlikni, tassavvur kengliklarini, bilimni talab etadi. Badiiy asar to‘g‘risida yozish uchun adabiyot qoidalarini, adabiy-nazariy qonuniyatlarni bilmoq kerak. Asarlardan ko‘chirilgan parchalar yoki ulug‘lardan olingan “dedi-dedilar” bilan bu soha talabini qondirib bo‘lmaydi. Biror muharrir yoki noshirning iltimos-so‘rovi maqolanavis qalb mayliga mos kelsa, buni “buyurtma maqola” deb atash, ehtimol, shartmasdir. Ammo olim o‘zi xohlamagan kitoblarga so‘zboshi yoki taqriz yozsa, tabiiyki, bunday bayonda samimiylikdan ko‘ra soxtalik – oq dog‘lar sezilib qolishi mumkin. Zukko o‘quvchi darrov buning bahosini beradi.
Xo‘p, nima desam ekan. Sal qaltisroq gap.
Shunday kunlar keladiki, nazarimda, maqola buyurtma bo‘lsa-yu, uni maqolanavisning aynan o‘zi yozsa, noyob fazilat sanalib, do‘ppi osmonga otiladi hali. Chunki o‘z asari haqida o‘zi maqtov maqola yozib, biror ilmiy darajali manqaga imzolatib e’lon qilib, o‘zini o‘zi targ‘ib etib yurgan uddaburron yozg‘uvchilar, afsuski, ba’zan uchrar ekan. Shuning uchun har qanday ijod sohasida to‘g‘rilik, haqiqat, poklik, xolislik, tafakkur, uyg‘oq vijdon va toza iymon ustuvor bo‘lmog‘i lozim, deb hisoblayman. Bunday ko‘ngilga tegishli, ko‘ngil mayliga munosib yozilgan asar esa hamma zamonlarda o‘z tirikligi bilan odamlar e’tiborini tortadi.
– Sizningcha, shoir yoki yozuvchi ismining elga tanilishida, adabiyot tarixi sahifalariga muhrlanishida adabiyotshunoslarning nechog‘lik o‘rni bor? Qorong‘i osmon bag‘rida porlab turgan oy yoki yulduzni, kimdir qo‘li bilan ko‘rsatib tanishtirmasa ham odamlar o‘zi ko‘rib olmasmikan?
– Yuqoridagi savollarning javobi cho‘zildi. Keling, bunisi qisqa bo‘lsin. Badiiy asarning san’at hodisasiga daxldorligi muhim. Oy yoki yulduzga o‘xshatishingiz, meni ortiqcha qiynamay, savolga o‘zingiz o‘rinli javob berganingizni ham ko‘rsatib turibdi.
– “Ruhiyat alifbosi” nomli kitobingiz so‘zboshisida yarim hazil, yarim chin ma’noda yozmaslikni ham mashq qilib turish kerakligi haqida gapirib o‘tgansiz. Shu fikringizni kengroq izohlab bera olasizmi?
– Shu kitobim yaxshi, meni uyaltirmaydi... Yigirma besh yil davomida yozganlarimni jiddiy saralab, o‘ylab-o‘ylab, o‘ziga xos strukturasi-tarkibini topdim, maqolalarimni umumiy xususiyatiga ko‘ra beshta faslda jamladim. Fasllarni alohida nomlab, ularning har biriga yettitadan maqola joyladim. Shoirlar she’riy turkumlarini kitob qilishlarida tarkib-strukturasiga diqqat qaratishadi. Men adabiyotshunoslar ham kitoblari nashrida o‘z oldilariga maxsus talablar qo‘yishi va o‘zlarining individual “devon”chiligi bo‘lishi lozim, deb o‘ylayman.
So‘zboshida siz aytgan gapni yozganman. Ba’zi adabiy anjumanlarda so‘z berishsa, qutulish uchun boshqacha ifodasini ham aytaman: “Keyingi paytlarda jim o‘tirishni mashq qilib yuribman”. To‘g‘risi, davralarda jim o‘tirish bo‘yicha ham ustozlardan saboq oldim. Xususan, hali oxirigacha o‘qilmagan kitoblar haqida sukut saqlamoq kerak. Universitetda ta’lim bergan muallimlarim orasida shundaylari bor edi. “Yozmaslikni mashq qilishim” – bu gap ham hayotiy haqiqat. Tinimsiz kerakli va keraksiz navbatchi maqolalar yozadiganlarni ko‘rganimdan keyin odam yozish mashqlarini o‘rganib, bu yo‘lda tajriba orttirgandan keyin yozmaslikka ham harakat qilib ko‘rishi kerak, degan fikr paydo bo‘ldi. Bu gap yuqorida aytilgan yozish va yozmaslik masalalari bilan uyg‘un keladi. Ikkinchidan, Lev Tolstoyning adabiy, hayotiy qarashlari menga yoqadi. Uning o‘ziga zamondosh bo‘lgan bir ijodkorga qarata mazmunan: “Sen bir asarni o‘ylading, uning boshi, oxiri, qahramonlari – hammasi pishib yetildi. Yozishinggina qolgan, to‘g‘rimi? Marhamat, shu asarni yozmaslikning iloji bo‘lsa – yozmagin”, deb maslahat bergan ekan. Shu gapning ham ta’siri yo‘q emas. Men birovlardan fikr olsam, insof yuzasida shu allomalarni e’tirof qilaman, nomlarini aytaman. Ruhlari shod bo‘ladi. Biroq bizda birovning fikrini o‘zlashtirib, o‘ziniki qilib aytishdek g‘alati bir kasallik urchigan. Uyat. Ya’ni, bu davrada kimdandir eshitgan gapini boshqa davraga borib xuddi o‘zining favqulodda genial gapidek so‘ylab, odamlarni og‘ziga qaratadi. Holbuki, uni birinchi aytgan odam ham kimdandir o‘qib yoki eshitib olgan bo‘ladi. Bu sohadagi zanjirli kimyoviy reaksiya deganlari shu bo‘ladi. Aslida, aybni ochiq tan olish jazoni yengillashtiradi – birovdan olingan fikr egasini e’tirof etish odam ruhini tozartiradi. Ruh kirlansa – bu juda yomon. Ruhi kir odamning komil odam bo‘lishi qiyin. Ruhi kir odamning ko‘ngli kir va yolg‘onchi bo‘ladi. Badiiy adabiyot va san’at ruhiyat bilan shug‘ullanadi. Lekin ruhiyatning aniq formulasi yo‘q. Inson o‘z ruhiyatiga o‘zi aniq tashxis qo‘ya olmaydi ko‘pincha. Shu bois badiiy adabiyotda ham inson ruhiyatini to‘la-to‘kis ifoda qilib bo‘lmaydi. Adabiyot inson ruhiyatining alifbosidir. Olimlarning badiiy adabiyot to‘g‘risida yozgan adabiy talqinlari ham oxirgi haqiqat emas. “Ruhiyat alifbosi”, xolos.
– Bir narsaga hayron qolaman, nima uchun adabiyotshunoslar ko‘pincha ilmiy tildan, ko‘pchilik tushunmaydigan terminlardan foydalanishadi? Aynan shu tufayli adabiyotshunoslikka oid kitoblar faqat tor davralar, xos odamlar o‘rtasida qolib ketmayaptimi? Bu nimani anglatadi aslida: ehtiyojnimi, talabnimi, tilga no‘noqliknimi yo shunchaki oliftaliknimi?
– Siz tugul, o‘ttiz yildan beri men ham shunga hayron qolaman. Nufuzli tor bir davrada men qo‘llagan ajnabiy atama xususida gap ketdi. Shunda ochiq tan olib: “Bizning sohadagi adabiy oliftagarchilik bu”, dedim. Nima qilaman hamma biladigan va tushunadigan voqea-hodisalarning qayta bayonini jadvallarga solib yoki birov tushunmaydigan ajnabiy atamalar qamrovida fikrni yitirib-g‘oyib etib. Aytadigan fikri bo‘lmagan joyda hech kim tushunmaydigan ajnabiy atamalar nayza ko‘tarib maydonga chiqadi va o‘quvchini fikr oqimidan chalg‘itib, yuraklarini yaralaydi. O‘quvchi adabiy-nazariymonand tahlillarni tushunmaganidan keyin “o‘zim anqov va hech narsani bilmaydigan noshud ekanman”, degan xulosaga kelib qoladi. Endi o‘zingiz bir mulohaza qiling, gap do‘ldami yoki do‘lanadimi? Menimcha, olimning asil vazifasi odamlar tushunmaydigan voqea-hodisalarni hammaga tushunarli bo‘lgan o‘zbek adabiy-ilmiy tilida bayon qilishdan iborat... Bir gazetada atamalarning yaltiroq libosiga burkangan bir maqola o‘qidim. Sirtdan qaralsa, nihoyatda ilmiy va favqulodda kashfiyotlar maydoniga o‘xshaydi. Biroq o‘qigan odam hech baloga tushunmaydi. Maqola ichida kelgan rus bir olimning ism-familiyasi izidan internet tarmog‘iga kirib, shu maqolaning ruschasini axtardim. Topildi. Mana sizga ilm, mana sizga olimlik. Dunyo o‘rgimchak to‘ri ichra hansirab nafas olayotgan bir pallada olim bo‘lganlar va olim bo‘layotganlar insoniyatga manfaatli ilm bilan mashg‘ul bo‘lishlari lozim. Shunda juda ko‘p narsa joy-joyiga tushadi, shunda bir-birovimizni tushunishimiz oson kechadi.
– Samimiy suhbat uchun rahmat!
OYDINNISO suhbatlashdi,
O‘zA